SMTI direktori O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining jadal rivojlanishiga xizmat qiluvchi asosiy omillarga alohida to‘xtalib o‘tdi

SMTI direktori O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining jadal rivojlanishiga xizmat qiluvchi asosiy omillarga alohida to‘xtalib o‘tdi

Shu yilning 4 iyulida Bishkek shahrida “Qirg‘iziston va O‘zbekiston – keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirish” mavzusida bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining (SMTI) direktori Eldor Aripov nutq so‘zladi.

Ekspertimiz ta’kidlaganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama hamkorlikda mislsiz natijalarga erishdi.

https://cdn.uza.uz/2024/07/06/11/26/3zCpqAHpyoC3qABDec4FcXrp0VYgzPaS_front.png

Bunga misol sifatida Eldor Aripov Markaziy Osiyoning biron-bir davlati bilan o‘zaro aloqalarda kuzatilmagan holatni– Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasida 20 tadan ortiq o‘tkazish punktlari tashkil qilinganini qayd etdi.

Buning natijasida, 2022 yilda o‘zaro qatnovlarning rekord ko‘rsatkichi – 12,4 mln. kishi o‘tgani kuzatilgan. Bu esa 2016 yildagi ko‘rsatkichdan o‘n baravar ko‘p.

Bundan tashqari, 2023 yilning sentyabridan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolariga har ikki mamlakat chegarasidan xorijga chiqish pasportsiz, ID-kartani ko‘rsatgan holda o‘tishga ruxsat berildi, ayni paytda yuklar tranzitiga bor-yo‘g‘i 8 daqiqa vaqt sarflanadi.

Eldor Aripov aytganidek, “bu mamlakatlarimiz erishgan katta yutuq va noyob tajribdir”.

“Dunyoning ko‘plab mamlakatlari uchun bu ziddiyatlarga to‘la vaziyatdan ishonchli sheriklik va hamkorlik darajasiga ko‘tarilgan ulkan yo‘lga misol bo‘ladi”, - deb ta’kidladi SMTI vakili.

O‘z so‘zida davom etar ekan. ekspert shuni ta’kidladiki, Qirg‘iziston ham, O‘zbekiston ham bugungi kunda bunday hamkorlikdan amaliy foyda ko‘rmoqda.

Bu mamlakatlarimizning bir-birining biznesi uchun ochiqligida ifodalanadi.

Xususan, 2016 yildan buyon O‘zbekistonda Qirg‘iziston kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 8 baravar - 50 tadan 370 tagacha ko‘paydi. Bundan tashqari, faqat 2022 yilga qiyoslanganda Qirg‘izistonning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalari hajmi 5 baravarga - o‘tgan yili deyarli 11 milliondan 50 milliondan ko‘proq miqdorga oshgan.

Ta’kidlanganidek, investisiyalarning salmoqli qismi umumiy bozorimizni to‘ldiradigan, iste’mol narxlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan, qolaversa, uchinchi davlatlarga eksport qilinadigan mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilmoqda.

“Mamlakatlarimiz iqtisodiyotining raqobatbardosh ustunligi va bir-birini to‘ldira olish imkoniyatidan foydalanib, savdo-iqtisodiy hamkorlikka kuchli turtki berishga erishildi”, dedi SMTI direktori. Uning so‘zlariga ko‘ra, “2023-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi bir milliard dollarga yaqinlashdi, va bu 2016 yilga nisbatan qariyb 6 barobar ko‘p”.

Eldor Aripovning so‘zlariga ko‘ra, bunday natijalarga ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar tizimli va muntazam xarakter kasb etgani, hukumatlararo, parlamentlararo, idoralararo va mintaqalararo darajalarda o‘zaro hamkorlikni qamrab olgani tufayli erishish mumkin bo‘ldi.

O‘zaro iqtisodiy hamkorlikning yangi institusional mexanizmlari va shakllari yaratildi.

Shu bilan birga, ikki davlatning umummintaqaviy ahamiyatga ega transport va energetika sohalaridagi loyihalarini amalga oshirishda o‘zaro hamkorligi strategik ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Ushbu nuqtai nazardan, Eldor Aripov, ayniqsa, iyun oyida imzolangan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, Qambarota GES-1 qurilishida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimning tarixiy ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ekspert shunga ishonch bildirdiki, “ushbu shartnomalar mintaqamizning transport va energetik landshaftini tubdan o‘zgartirishga yo‘naltirilgan”.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarini rivojlantirishning istiqbollari haqida fikr yuritar ekan, SMTI direktori quyidagi yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikning foydalanilmagan salohiyatidan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi:

1) siyosiy muloqotni chuqurlashtirish; 2) savdo-iqtisodiy va investision hamkorlikni kengaytirish; 3) transport-logistik o‘zaro bog‘liqlik sohasida koorerasiyani kuchaytirish; 4) suv-energetika sohasidagi hamkorlik; 5) “yashil” rivojlanishga va raqamlashtirishga o‘tish sohasidagi hamkorlik”; 6) favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasidagi hamkorlik; 7) madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash.

«Ushbu yo‘nalishlarni birgalikda rivojlantirish orqali biz ko‘p qirrali hamkorligimizning barcha jihatlarini ishga solishimiz mumkin bo‘ladi”, - dedi so‘zining yakunida Eldor Aripov.

Konferensiya yetakchi tahliliy markazlar rahbarlari va ekspertlaridan iborat O‘zbekiston delegasiyasining Qirg‘izistonga ish safari doirasida bo‘lib o‘tdi.

Bishkekda, shuningdek, SMTI direktori va Qirg‘iziston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Murat Imanqulov o‘rtasida uchrashuv, shuningdek, delegasiya a’zolarining ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikka jalb qilingan Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkorlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston ekspertlar hamjamiyati bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari va istiqbollari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti (MSTI) tomonidan tashkil etilgan konferensiyada ikki mamlakat vazirlik va idoralari, ekspert-tahliliy va ilmiy-akademik doiralari rahbariyati va vakillari ishtirok etdi.

Qirg‘iziston tomonidan Transport va kommunikasiyalar vazirligi, Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi, Iqtisodiyot va tijorat vazirligi, Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi, «Qirg‘iz Temir Jolu» milliy kompaniyasi, Yuk tashuvchilar va logistlar uyushmasi, O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi, Suv muammolari va gidroenergetika instituti, Davlat va huquq instituti, Milliy Fanlar akademiyasining Tarix, arxeologiya va etnologiya instituti rahbarlari va ekspertlari ishtirok etdi.

https://cdn.uza.uz/2024/07/06/11/28/ZKRu6CKzWnrt5DLtMBUIfYXen7yiq4GM_front.png

O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati rahbarlari ishtirok etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!