Sanepidqo‘mita yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlardan zaharlanish mumkinligidan ogohlantirdi

Sanepidqo‘mita yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlardan zaharlanish mumkinligidan ogohlantirdi

Ko‘chada antisanitar holatda sotilayotgan muzqaymoqda stafilokokk bakteriyasi bo‘lishi mumkin.

Jazirama kunlarda yaxna ichimliklar, sovuq taomlar va muzqaymoq jonga rohat bag‘ishlaydi. Ayni kunlarda ham do‘konlarda muzqaymoqqa talab ortgan, deb aytish mumkin.

Bugungi kunda muzqaymoq asosan sut mahsulotidan tayyorlanishi sababli tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Shu sababli doim sovuq haroratda saqlash talab etiladi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz agar issiqlik ta’sirida muzqaymoq erisa, qaytadan muzlatib, iste’mol qilish mumkin emas. Chunki jarayon davomida muzqaymoqning tarkibi o‘zgarib, bakteriyalarni o‘ziga jalb qilish xususiyati ortadi.
Afsuski, bugun ko‘chada ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlari kuzatilmoqda.

‼️Tabiiyki, muzqaymoq solingan idishlar muzlatgich imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli saqlab berolmasligi ham bor gap.

Bugungi kunda yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlar ko‘paydi. Oxirgi paytlarda ana shu mahsulotlardan iste’molchilarning zaharlanish holatlari yuzaga kelmoqda. Ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan muzqaymoq solingan aksariyat idishlar bugungi kunda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Bunday plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas.

‼️Zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlarini olib borilmoqda. Mahsulotlardan nazorat tahlili olganimizda ko‘chada sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stalifilokokk bakteriyasi aniqlandi. Qayd etish joizki, ko‘p hollarda stafilokokk ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari: tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni iste’mol qilganda kishi zaharlanishi mumkin.

Yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlarning qachon va qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani, tarkibi, saqlash muddati hamda sharoiti to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q. Shuningdek, bu mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanmagan va ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risida maxsus yuritiladigan daftari ham mavjud emas. Talabga ko‘ra, maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishlari zarur.

‼️Muzqaymoq asab va oshqozon-ichak faoliyatining bir maromda kechishida foydali, ammo bu mahsulotni tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish juda zaruriy omildir. Avvalo sut mahsulotining qayerdan olib kelingan, veterinariya ekspertizasidan o‘tib, ma’lumotnomaga ega bo‘lganmi, shuningdek, epidemiologik vaziyati yaxshi sigirlardan olinganmi, shularga diqqat qaratish darkor.

Muzqaymoqni tayyorlaganda, albatta, zarur texnologik jarayonlarga amal qilish, shaxsiy gigiyena qoidalarini qat’iy bajarish kerak. Agar ishchi-xodimlar yuqori nafas kasalliklari — tonzillit, gaymorit, stomatit bilan kasallangan bo‘lsa, bu ishchilarni vaqtinchalik ishdan ozod qilib, davolangandan keyin qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan tashqari, qo‘lida teri-kasalliklari va panarisiya bo‘lsa, bunday xodimlarni ham ishdan belgilangan tartibda chetlashtirish zarur. Shu bois har bir oziq-ovqat mahsulotini tayyorlaganda xodimlar sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishlari talab etiladi. Xususan, tozalikni saqlash bo‘yicha ishchilar orasida tez-tez profilaktika tadbirlarini o‘tkazib turish zarur. Tozalik oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olishda eng samarali va qulay usuldir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!