Sadaqaning qabul bo‘lish shartini bilasizmi?

Sadaqaning qabul bo‘lish shartini bilasizmi?

Alloh ta’oloning roziligi uchun haqiqiy xaqdor bo‘lgan faqirlar, miskinlarga beriladigan yoki biror xayr ishga sarf qilinadigan molni sadaqa va xayriyalar deyiladi.

Alloh ta’oloning huzurida sadaqa va xayriyalar maqbul bo‘lishi uchun bir necha shartlar topilishi zarurdir.

Bir sharti niyatda ixlos bo‘lishidir. Uning ma’nosi shuki, sadaqa va xayriyalar xolis Alloh ta’oloning roziligi uchun  bo‘lishi, xo‘jako‘rsinlik uchun bo‘lmasligidir.

Alloh ta’olo shunday deydi: "Nafaqa qilgan yaxshiliklaringiz o‘z foydangizga. Qilgan nafaqangiz, faqat Allohning yuzini istash uchundir. Nafaqa qilgan yaxshiliklaringiz o‘zingizga to‘laligicha qaytarilur. Sizlarga zulm qilinmas". (Baqara surasi, 272-oyat)

Ixlos uchun sadaqa maxfiy tarzda qilinishi munosibroq va afzalroqdir. Maxfiy sadaqa jahriy (oshkora) sadaqadan afzaldir. Chunki, quyidagi Alloh ta’oloning  oyati va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflariga ko‘ra, zakotning xilofida, nafliy sadaqani maxfiy tarzda qilishlik afzaldir.

Alloh ta’olo shunday deydi: "Sadaqani oshkora qilsangiz qandoq ham yaxshi. Agar maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan gunohlaringizni yuvadi". (Baqara surasi, 271-oyat)

Sahihaynda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, qiyomat kunida xech soya yo‘q kunda, Allohning arshi soyasida soyalanuvchi yetti toifa haqida xabar berilgan hadisda: "...o‘ng qo‘li infoq qiladigan narsani, chap qo‘li bilmaydigan darajada sadaqani maxfiy tarzda qilgan kishi" deyilgan.

Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda: "Maxfiy sadaqa Allohning g‘azabini o‘chiradi" deyilgan.

Muftiy Muhammad Rizvonning "Sadaqa ke fazoyil aor bakre ka sadaqa" - kitobidan Abdulqayyum Komil tarjimasi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!