Rossiya Shvesiya havo hududini buzib o‘tdi

Rossiya Shvesiya havo hududini buzib o‘tdi

Rossiya qiruvchi samolyoti 14 iyun kuni Shvesiya havo hududini buzib o‘tgan. Bu haqda Stokgolmdagi manbalarga asoslanib, Reuters xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Rossiya samolyoti juma kuni Boltiqbo‘yi hududidagi Gotland oroli sharqida Shvesiya havo hududini buzgan. Bunga javoban Shvesiya harbiylari hududga ikkita qiruvchi samolyot yuborgan.

Shvesiya qiruvchi samolyotlari uchuvchilari Rossiya samolyotiga signal yuborib, hududni zudlik bilan tark etishga chaqirgan. Uchuvchi signallarga javob bermagan.

Havo hududini buzgan rus samolyoti SU-24 qiruvchisi bo‘lgan. Uni hududdan haydab chiqarish uchun Stokgolm ma’muriyati Gripen samolyotlaridan foydalangan.

“Rossiyaning xatti-harakatlari qabul qilib bo‘lmasdir. Bu bizning hududiy yaxlitligimizga hurmatsizlikdan dalolat beradi”, — degan Shvesiya havo kuchlari qo‘mondoni Yonas Vikman.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 14 iyun kuni Shvesiya armiyasi NATOdagi ittifoqchilari bilan Boltiqbo‘yidagi harbiy mashg‘ulotlarda qatnashayotgan bo‘lgan. Rossiya bu mashqlar o‘z hududiga tahdid tug‘dirishi haqida signal berish uchun qiruvchi samolyotlarni hududga uchirgani taxmin qilingan.

Rossiya samolyotlari tomonidan Shvesiya havo hududini buzish holati oxirgi marta 2022 yilda kuzatilgan edi. O‘sha yili ikkita SU-27 va ikkita SU-24 samolyotlari Gotland yaqinda Stokgolm nazorat chizig‘idan o‘tgan.

G‘arb tahlilchilari rus samolyotlar havoga ko‘tarilishini Shvesiyaga yaqin Rossiyaning Kaliningrad viloyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid yuzaga kelgani bilan izohlagan. NATO harbiy mashg‘ulotlari ham Kaliningraddan uncha uzoq bo‘lmagan hududda amalga oshirilgan.

Shvesiya rasmiylari Rossiyaning harakati nafaqat Shvesiyaning, balki u a’zo bo‘lgan NATOning xavfsizligiga tahdid ekanini bildirgan. Kreml bayonotlarga javob bermagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!