Qirg‘izistonda Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati faoliyatiga chek qo‘yildi

Qirg‘izistonda Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati faoliyatiga chek qo‘yildi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati faoliyatini tugatdi. Prezident 25 iyun kuni tegishli farmonni imzoladi, deb yozmoqda Kloop.

Farmonda ta’kidlanishicha, ushbu qaror «Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi faoliyatini optimallashtirish maqsadida» qabul qilingan.

Prezident ma’muriyatining xabarida ta’kidlanishicha, Japarov «iqtisodiy islohotlar doirasida fiskal, sud va huquq-tartibot organlari faoliyati takomillashtirilishini bir necha bor ta’kidlagan».

«Avvalo, davlatning biznesga aralashuvi kamayadi va tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish uchun barcha choralar ko‘riladi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati tugatilishi bu yo‘nalishdagi hal qiluvchi qadamlardan biridir», — deyiladi prezident ma’muriyatida.

Japarov ushbu xizmat faoliyati tugatilishini 23 iyun kuni ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvda aytgan. O‘shanda u soliq xizmati huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda ko‘plab cheklovlar orqali tadbirkorlar va biznesga bosim o‘tkazayotganini ta’kidlagan.

«Bundan ma’lumki, tadbirkorlarga nisbatan bosim hali to‘xtamagan. Avvalroq tadbirkorlarning moliya polisiyasi ustidan shikoyatlari asosida va mazkur bo‘lim ishini tahlil qilib, ushbu organ o‘zini oqlamadi, degan xulosaga kelgandik. Shuning uchun biz uning faoliyatiga chek qo‘ygandik. Biznesni himoya qilish maqsadida xuddi shunday qaror Korrupsiyaga qarshi kurash xizmatiga nisbatan ham qabul qilindi. Hozirda tegishli farmon tayyorlanmoqda», — degan davlat rahbari.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati 2011 yilda o‘sha paytdagi prezident Almazbek Atamboyev tomonidan tashkil etilgan. Xizmat «korrupsiya faktlarini va korrupsiya namoyon bo‘lishi holatlarini ochish» bilan shug‘ullangan.

Qirg‘iziston sobiq prezidenti So‘ronboy Jeenbekov ham o‘z davrida bir necha bor ushbu xizmat faoliyatini tanqid qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish kerak bo‘lgan paytda xizmat xodimlarning o‘zi «korrupsiya botqog‘iga botgan».


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!