Prezident ot sporti bo‘yicha muhim qarorni imzoladi

Prezident ot sporti bo‘yicha muhim qarorni imzoladi

Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilindi.

Milliy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan Qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish hamda ularni ot sportiga keng jalb etish, mamlakatimizda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish maqsadida:

Milliy gvardiya huzurida Qorabayir otlari mahorat maktabi tashkil etiladi.

Surxondaryo viloyati, Termiz tumani, Yangiobod mahallasi hududidagi 64,6 ga yer maydoni bino va inshootlari bilan birga Milliy gvardiyaning balansiga o‘tkaziladi va unda Qorabayir otlari mahorat maktabi joylashtiriladi.

Milliy gvardiya (R.Djurayev), Surxondaryo viloyati hokimligi (T.Bobolov) va O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federasiyasi (B.Gaziyev) Qorabayir otlari mahorat maktabi faoliyatini 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab to‘liq yo‘lga qo‘yadi.

Surxondaryo viloyati hokimligi (T.Bobolov) ikki oy muddatda Qorabayir otlari mahorat maktabi otlariga ozuqa bazasini yaratish maqsadida 100 ga sug‘oriladigan yer maydonini belgilangan tartibda ajratish choralarini ko‘radi.

Quyidagilar Qorabayir otlari mahorat maktabining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

yosh avlod chavandozlarini tarbiyalashga yo‘naltirilgan milliy ot sporti musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazishda Qorabayir zotli otlardan foydalanishni ommalashtirish hamda milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish yo‘li bilan Qorabayir zotli otlar bosh sonini ko‘paytirish;

Qorabayir zotli otlarni saqlash va sifatli veterinariya xizmati ko‘rsatish ishlarini yaxshilashga ko‘maklashish, shuningdek, jahon bozorida ot zotlari orasida Qorabayir ot zotining raqobatbardoshligini ta’minlash;

aholining keng qatlamini, ayniqsa yoshlarni, Qorabayir otlari mahorat maktabidagi seksiya va klublarga jalb etish.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!