Maktablardagi “yig‘-yig‘lar” nega barham topmayapti?

Maktablardagi “yig‘-yig‘lar” nega barham topmayapti?

Ta’lim muassasalarida har qanday pul yig‘imlari noqonuniydir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov. – Bunday holatlarning oldini olish uchun kuzatuv kengashlari tashkil etilgan. Kengashning asosiy vazifalaridan biri noqonuniy pul yig‘imlarining oldini olishdir.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablarning birida ota-onalar ishtirokida o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda ota-onalarning tashabbusi bilan yuz ming so‘mdan pul yig‘ib sinfxona ichini remont qilish haqida kelishib olindi. Kimdir rozi, yana kimdir norozi. Aslida sinfning remont qilinishi haqidagi gaplarni ota-onalar qayerdan olyapti, deya yozadi O‘zA.

Demak, kuzatuv kengashlari faoliyati ham kutilgan natijani bermayapti.

Qonun hujjatlariga, turli hisobotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi barcha maktablar bosqichma-bosqich davlat tomonidan ta’mirlanyapti. Amalda esa aksariyat maktablar o‘quvchilar orqali ota-onalardan pul yig‘ilib o‘qituvchilar tomonidan ta’mirlanmoqda. Davlat ta’lim muassasalariga pul ajratayotganda sinfxonalarning ta’mirini hisobga olmayotgani, faqatgina ustki qism ta’mirinigina qilayotganini aytib yozg‘irayotgan pedagoglar va xalq ta’limi tizimi vakillari haqmi?

O‘zbekiston Konstitusiyasining 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”, deyilgani o‘z ahamiyatini yo‘qotyaptimi?

Yana bir misol. Shu tumandagi maktablarning birida sinf o‘quvchilari toifalarga ajratilgan holda pul yig‘imlariga jalb etilyapti. O‘qituvchi indamaydigan, to‘polon qilib yuqori tashkilotlarga shikoyat qilmaydigan oilalarning farzandlariga to‘lov qilinishi kerak bo‘lgan pulni yozib berib yuboribdi. Bunisiga nima deysiz?

Prezidentimizning 2017 yil 24 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik liseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasi va Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi negizida Moliya vazirligi huzurida byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan.

Mazkur jamg‘arma mablag‘lari umumta’lim maktablar, kollej va liseylar, shu jumladan, idoraviy bo‘ysunuvdagilarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, zarur hollarda o‘quv korpuslarini ustaxona va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalari, boshqa infratuzilma ob’ektlarini barpo etishni moliyalashtirishda ishlatiladi.

Kim haq? Maktab uchun eshikma-eshik sarson bo‘lib, go‘yo o‘zi uchun qarz so‘rayotgandek yalinib-yolvorayotgan maktab direktorlarimi? Yoki “ko‘p bo‘lsa ketadi, kam bo‘lsa yetadi”, qabilida ish ko‘rayotganlarmi? Balki ajratilayotgan pullar “tuya” bo‘layotgandir.

– Ikki farzandim bor, – deydi Yo‘ldosh Majidov. – 9- va 7- sinfni yakunlayapti. Ular yil davomida qo‘shimcha darslarga bordi. Chunki maktab ta’limi ko‘ngildagidek bo‘lgani yo‘q. Xarajatlarimiz yetarli. Lekin yil yakunida remontga deb faqat qizimning sinfi uchun so‘rashibdi. Berdik. Tengdoshlarining oldida uyalmasin.

– Maktab direktori, o‘qituvchilar maktabni jihozlash, remont qilish, maktab hovlisini tozalash kabi ishlarga aralashmasdan faqat ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga e’tibor qaratsa, kelajagimiz egalarining taqdiri ishonchli qo‘llarda bo‘lishidan quvongan bo‘lardik, – deydi Shahnoza Elbekova. – O‘qituvchilarga ham qiyin. Ular o‘ziga biriktirilgan sinfxonalarni chiroyli qilib oqlab, yangi o‘quv yiliga tayyorlab qo‘yishi kerak. Qachon o‘qituvchilarimiz faqat o‘z ishi bilan shug‘ullanadi?


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!