Korrupsiyaga qarshi kurashda Koreyadan nima o‘rganamiz?

Korrupsiyaga qarshi kurashda Koreyadan nima o‘rganamiz?

Adliya vaziri Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi bilan uchrashdi.

Adliya vaziri R. Davletov boshchiligidagi vazirlik va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi vakillaridan iborat qo‘shma delegasiya BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistondagi samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurash” loyihasi doirasida Koreyada uchrashuvlarni o‘tkazdi.

Maqsad- jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ijtimoiy sohani yanada isloh qilish, chora-tadbirlar samaradorligini oshirish uchun xorij, xususan, Koreya Respublikasi tajribasini o‘rganishdan iborat. 

Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiya rahbariyati bilan bo‘lgan uchrashuvda davlat organlarida korrupsion holatini baholashning dolzarb jihatlari, uning alohida davlat tuzilmasi faoliyatiga va umuman mamlakat kelajagiga ta’siri muhokama qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish, profilaktik chora-tadbirlar va targ‘ibot qilish, qonunchilik bazasini mustahkamlash, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni, huquqiy madaniyatni shakllantirishning muhimligi qayd etildi.

Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Pak In Chjon xonim ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonning davlat organlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Uning fikricha, korrupsiyani bir tomonlama tartibda yengib bo‘lmaydi, shuning uchun bu sohada xalqaro hamkorlik va birgalikdagi harakatlarni kengaytirish muhim.

Uchrashuv davomida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoyevning o‘tgan yili Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan shartnomalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston Prezidenti rahbarligi ostida so‘nggi ikki yil mobaynida jamiyat hayotining barcha sohalarida jadal islohotlar olib borilayotgani, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratilayotgani bildirildi.Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, chet el sarmoyadorlarini jalb qilish, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlik maqsadlarida ularga yaxshi sharoitlar yaratib berish uchun korrupsion omillarga moyil bo‘lmagan barcha darajadagi davlat organlari shaffof va samarali ishlashi zarurligini qayd etdi. 

Tashrif doirasida delegasiya a’zolari Komissiya faoliyati bilan, ya’ni fuqarolar arizalarini qabul qilish jarayonini amalda kuzatib, Komissiya ishining texnologik imkoniyatlari va usullari bilan yaqindan tanishdilar. ​​

O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!