Germaniyada "O‘zbekiston – Ipak yo‘lining durdonasi" nomli kitob albom nashr etildi

Germaniyada "O‘zbekiston – Ipak yo‘lining durdonasi" nomli kitob albom nashr etildi

Germaniyaning "Mannheimer Morgen" gazetasida haydelberglik fotograf, "cct: werbeagentur" kompaniyasi rahbari Tamara fon Rexenbergning "O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi" nomli kitob albomi nashr etilgani haqida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqola muallifi Mixael Rossnerning qayd etishicha, fotograf Osiyo va Janubiy Amerika qit’alarining ko‘plab mamlakatlariga safar qilgan. Turli madaniyat va landshaftlarga bo‘lgan yuqori qiziqish uni 2019 yilda O‘zbekiston tomon chorladi. Sayohati davomida ushbu sehrli diyor taassurotlaridan ilhomlangan haydelberglik tadbirkor o‘zi olgan suratlarni kitob holida chop etishga qaror qiladi.

Ma’lum qilinishicha, Tamara Rexenbergning "O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi" kitob albomi "abc-Verlag Heidelberg" nashriyoti tomonidan bosilgan. 224 sahifali yuqori sifatli suratlardan iborat ushbu kitob matnlari nemis va ingliz tillarida bitilgan. Bu esa kitob o‘quvchilari sonining ko‘payishi va muallifning o‘z ishini xalqaro miqyosda keng ommaga taqdim etishidan dalolat beradi.

"Ko‘plab do‘stlarim va tanishlarim O‘zbekistonga juda qiziqishadi, lekin mamlakatning tabiati, go‘zalligi va odamlari haqida afsuski yetarlicha bilishmaydi. Men suratlarim, mamlakat haqida to‘plagan ma’lumotlar va O‘zbekistonga uyushtiradigan kichik turistik guruhlar ishtirokidagi turlar orqali odamlarni ushbu mamlakatga borishga undayman", – deya kitob muallifi fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.

Materialda yozilishicha, nemis fotografi O‘zbekistondagi YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida bo‘lgan. Qizilqum cho‘li, Farg‘ona vodiysi va Toshkentga sayohat qilgan.

"Kitob Ipak yo‘lida joylashgan serquyosh diyorning turli tarixiy go‘shalaridan olingan suratlar bilan boyitilgan. Undagi maftunkor suratlar ushbu ertaknamo mamlakatning madaniy merosi, turizm salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi", – deb ta’kidlaydi nashr muxbiri.

Qayd etilishicha, kitob muallifi Tamara fon Rexenbergning 35 yillik "cct: werbeagentur" kompaniyasidagi rahbarlik faoliyati unga 3D-dizayn, kino va fotografiya sohasida tajribali mutaxassis bo‘lishi bilan birga ishbilarmon ayol maqomini bergan.

"Kitobdan joy olgan suratlarning muhim jihati shundaki, ular nemis aholisini O‘zbekistonga sayohatga taklif qiluvchi ma’lumotlar bilan boyitilgan. Mazkur kitob mamlakatga sayyohlarni chorlash bilan bir qatorda, uning turizm salohiyatini namoyish etadi", – deb yozilgan "Mannheimer Morgen" gazetasida bosilgan maqola xulosasida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!