G‘azo sektorida poliomiyelit epidemiyasi boshlandi

G‘azo sektorida poliomiyelit epidemiyasi boshlandi

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi butun Falastin anklavi bo‘ylab poliomiyelit epidemiyasini e’lon qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Vazirlik epidemiyani poliomiyelitni yo‘q qilish bo‘yicha global dasturdan chekinish deb atadi va Isroil agressiyasiga chek qo‘yish, ichimlik suvi va shaxsiy gigiyena vositalari yetishmovchiligi, kanalizasiya muammosi, tonnalab chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha zudlik bilan yechim topishga chaqirdi.

Asosan fekal-oral yo‘l bilan tarqaladigan poliomiyelit yuqori darajada yuqumli virus bo‘lib, asab tizimini zararlashi va falajga olib kelishi mumkin. 1988 yildan beri ommaviy emlash kampaniyalari tufayli butun dunyo bo‘ylab poliomiyelit bilan kasallanish 99 foizga kamaydi va uni yo‘q qilish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) G‘azoda “2-toifa poliovirus komponentini” aniqlagan. Virus ko‘chirilgan shaxslarning chodirlari orasidan oquvchi suvlarda qayd etilgan. Shusiz ham aholi zich joylashgan G‘azo sektoridagi ichimlik suvining kam zaxiralari virus bilan zararlanish xavfi ostida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bolalar kasallanishining oldini olish uchun yaqin haftalarda bir milliondan ortiq poliomiyelitga qarshi vaksinalarni G‘azoga yuborishni rejalashtirmoqda. Isroil sektordagi harbiylariga poliomiyelitga qarshi vaksina berishini bildirgan.

Isroilning G‘azodagi urushi kanalizasiya va suv ta’minoti tizimlarining shikastlanishi hamda vayron bo‘lishiga olib keldi. BMT poliomiyelit virusini aniqlashdan tashqari, G‘azoda sanitariya sharoitlarining yomonlashuvi tufayli gepatit A, dizenteriya va gastroenterit bilan kasallanish holatlari ko‘payayotgani haqida xabar berdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!