"El Mundo Financiero": O‘zbekistonning Orolbo‘yida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini bermoqda

"El Mundo Financiero": O‘zbekistonning Orolbo‘yida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini bermoqda

Ispaniyaning yetakchi "El Mundo Financiero" elektron nashrida "O‘zbekiston Orol dengizining qurigan tubida "yashil qoplama" barpo etmoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda qayd etilishicha, Orol dengizining qurishi zamonaviy dunyoning eng yirik ekologik inqirozlaridan biri hisoblanadi. Dengizning butunlay chekinishi Orolbo‘yining o‘simlik, hayvonot dunyosi, landshafti va iqlimiga tizimli ravishda salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘lning qurigan qismida suv yuzasi o‘rniga 5,5 million gektar maydonda Orolqum cho‘li paydo bo‘ldi.

"Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda Orol dengizini avvalgi holatiga qaytarishning iloji yo‘q, – deyiladi maqolada. – O‘zbekiston hukumati Orolbo‘yi va Orol dengizi muammolariga milliy hamda jahon miqyosida katta e’tibor qaratyapti. 2018 yildan buyon Orol dengizining qurib qolgan hududida har yili 1 million 730 ming gektar o‘rmon barpo etilmoqda. Bugungi kunga qadar 17 ming kvadrat kilometr maydon ko‘kalamzorlashtirildi".

Ma’lum qilinishicha, Orolbo‘yi va qurib qolgan dengiz hududida yaratilgan "yashil qoplama"ning katta qismi saksovuldan iborat. Ushbu chora ham toza havoni ta’minlashga yordam beradi. To‘rt yillik saksovul o‘simligi bir gektar maydonga 1158 kubometr kislorod chiqaradi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tashkil etildi, shuningdek BMTning "Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida"gi maxsus rezolyusiyasi qabul qilindi.

"O‘zbekistonning Orolbo‘yida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini bermoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida iqlim ta’sirini yumshatish kuzatilmoqda. Bu hududda qazilgan o‘nlab artezian quduqlaridan suv ko‘tarilishi tufayli sun’iy ko‘llar paydo bo‘ldi. Atrofda qamishzorlar, daraxtlar va butalar o‘sgan", – deb yozilgan maqola yakunida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!