Dunyo tan olgan taekvondochilar mamlakatimizda tajriba oshirmoqda

Dunyo tan olgan taekvondochilar mamlakatimizda tajriba oshirmoqda

Ayni kunlarda, mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari bilan shug‘ullanayotgan sportchilar yozgi Olimpiya o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.

2024 yilgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik dasturiga muvofiq, O‘zbekiston taekvondo WT assosiasiyasi tomonidan Toshkent viloyatidagi «Yangiobod» sport bazasida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etilmoqda. 10 aprel kuniga qadar davom etadigan mazkur yig‘inda mamlakatimiz terma jamoasi a’zolaridan tashqari Rossiya va Iordaniya terma jamoalari ham qatnashmoqda.

Mazkur yig‘inda sportchilarning mahoratini yanada oshirishga xizmat qilayotgan terma jamoamiz murabbiyi Jasur Boyqo‘ziyev O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Hozirgi mashg‘ulotlarda asosan jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirishga ko‘proq ahamiyat qaratilmoqda. Yig‘in jamoalar uchun avvalo, «Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlari, shuningdek, may oyida o‘tadigan qit’aviy chempionatlarga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Yig‘inda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan 25 nafar shogirdimiz 8 nafar murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanmoqda. Rossiya terma jamoasida 35 ga yaqin, Iordaniyada 6 taekvondochi va 2 murabbiy, Belarus terma jamoasi safida esa 10 nafarga yaqin sportchi hamda ikki murabbiy ishtirok etmoqda.

Mashg‘ulotlar bir kunda ikki mahal o‘tkazilmoqda. O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida sportchilarimizni boshqa davlat sportchilari bilan ko‘proq sparringga tushirmoqdamiz va undan so‘ng xato-kamchiliklar ustida ishlanmoqda. Barchamizga ma’lumki, hozirgi kunda rossiyalik taekvondochilar jahonda eng kuchlilar qatorida sanaladi. Iordaniya vakillari ham tajribali sportchilari bilan yurtimizga kelgan. Jumladan, yig‘inda Olimpiya o‘yinlari sovrindori, jahon va ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘oliblari ishtirok etmoqda. Aniqrog‘i, Rossiyadan Olimpiya chempioni Vladislav Larin, bronza medali sohiblari Mixail Artamonov va Tatyana Minina, Iordaniyadan Olimpiada vise-chempioni Saleh Elsharabatiy, jaxon chempionati sovrindori Zaid Al-Xalavani va Gran-pri g‘olibi Zayd Abdul Karim, Belarusdan esa jahon chempionati kumush medal sohibi Georgiy Gursiyevdek taniqli sportchilar kelgan. To‘g‘ri, bizning sportchilarimiz ulardan aslo qolishmaydi va buni so‘nggi yillarda erishayotgan yutuqlarimiz misolida ko‘rish mumkin. Ammo sport tinimsiz mehnatni, o‘z ustida ishlashni talab qiladi. Bu galgi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida Rossiya va Iordaniya terma jamoasidan o‘zaro tajriba almashishni maqsad qilganmiz.

Oldimizda turgan rejalar haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, ushbu yig‘indan so‘ng, Tunis, Mo‘g‘uliston va Saudiya Arabistoni terma jamoalarini mamlakatimizga taklif qilmoqchimiz va may oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati hamda harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqchimiz.

Shuningdek, asosiy maqsad Olimpiadada munosib ishtirok etish va yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytishdir, – deydi Jasur Boyqo‘ziyev.

Ma’lumot uchun, «Yangiobod» sport bazasida o‘tayotgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etayotgan terma jamoalar «Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlariga to‘liq tarkibda yo‘llanma olgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!