Donald Tramp saylovoldi kampaniyasini boshladi

Donald Tramp saylovoldi kampaniyasini boshladi

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp shanba kuni ilk saylovoldi mitinglarini o‘tkazmoqda, ikki oy oldin u davlat rahbari lavozimi uchun kurashda qatnashish niyatini ma’lum qilgan edi.

Associated Press xabariga ko‘ra, u har kuni ikkita mitingni rejalashtirgan. Hozircha Tramp o‘z partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashish niyatini bildirgan yagona respublikachidir.

Biroq yaqin oylarda uning jiddiy raqiblari paydo bo‘lishi kutilmoqda. Masalan, saylov poygasida ishtirok etish qarorini Florida shtatining juda mashhur gubernatori Ron DeSantis e’lon qilishi mumkin.

AQSh sobiq vise-prezidenti Mayk Pens va BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli ham praymerizda qatnashish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Boshqa respublikachi siyosatchilar ham o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin.

Tramp 2020 yilgi prezidentlik saylovida g‘alaba qozona olmadi va hozirgi davlat rahbari Jo Baydenga yutqazdi. Shu bilan birga, respublikachi hamon ovoz berish paytidagi qonunbuzarliklar uning g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qilganini da’vo qilmoqda. Ushbu mag‘lubiyatga qaramay, Tramp bu yillar davomida Respublikachilar partiyasining eng nufuzli vakili bo‘lib qoldi.

Eslatib o‘tamiz, AQShda prezidentlik saylovi 2024 yilda bo‘lib o‘tadi. Undan oldin demokratlar ham, respublikachilar ham o‘z nomzodini tanlashi kerak bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!