Demokratik davlatlar reytingida Rossiya Afrikadan ham past darajaga tushdi

Demokratik davlatlar reytingida Rossiya Afrikadan ham past darajaga tushdi

Ukraina bilan urush, sovet uslubidagi repressiya va ommaviy axborot vositalari senzurasi Rossiyani dunyodagi eng yomon diktaturalar klubiga aylantirdi.

2022 yil oxirida Rossiya Federasiyasi Economist Intelligence Unit tomonidan hisoblab chiqiladigan demokratik davlatlar reytingida (Democracy Index) 124-o‘rindan 146-o‘ringa tushib ketdi.

EIU tomonidan ko‘rib chiqilgan 167 mamlakat ichida Rossiyaning 22 pog‘onaga tushib ketishi rekord darajada bo‘ldi va uning reytingdagi hozirgi o‘rni – Sudan, Gvineya va Burundi bilan qo‘shni bo‘ldi.

Mumkin bo‘lgan 10 balldan 2,28 ball bilan Rossiya Belarusiya va Turkmanistondan tashqari barcha postovet respublikalaridan, shuningdek, o‘rtacha “demokratiya indeksi” Rossiyanikidan deyarli ikki baravar – 4,44 ball bo‘lgan Afrikaning aksariyat davlatlaridan pastroqqa tushdi.

Masalan, Liberiya 86-o‘rinni, Lesoto qirolligi — 71, Ruanda — 126, Zimbabve — 132-o‘rinni egalladi. Reytingda Rossiyadan pastda Eritreya (152-o‘rin), Chad (160-o‘rin), Markaziy Afrika Respublikasi (164-o‘rin) joylashgan.

Rossiyaning SSSR parchalanganidan keyin amalga oshirilgan demokratiya sari intilishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi, deydi EIU ekspertlari.

“Rossiya uzoq vaqt davomida demokratiyadan uzoqda bo‘lgan va endi diktaturaning ko‘plab belgilariga ega bo‘lmoqda”, – deyiladi tadqiqotda.

Rossiyani hisobga olgan holda, dunyoda 59 avtoritar davlat mavjud va ular dunyo aholisining 37 foizini tashkil qiladi, deb yozadi EIU hisobotida.

To‘liq demokratik davlatlar bor-yo‘g‘i 24 ta bo‘lib, ularda dunyo aholisining 8 foizi istiqomat qiladi. Aksariyat davlatlar – dunyo aholisining 37 foizidan iborat bo‘lgan o‘sha 84 tasi EIU tomonidan «mukammal bo‘lmagan demokratik» yoki gibrid rejimlar sifatida tasniflangan.

Demokratik davlatlar reytingida ketma-ket ikkinchi yil Norvegiya va Yangi Zelandiya yetakchilik qilmoqda, shuningdek, Islandiya 5-o‘rindan 3-o‘ringa ko‘tarilgan. Ro‘yxatni pozisiyalari o‘zgarmagan KXDR, Myanma va Afg‘oniston yopishgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!