Bu ishni qilganlar ikki dunyo noz-ne’matlaridan mahrum bo‘lishadi

Bu ishni qilganlar ikki dunyo noz-ne’matlaridan mahrum bo‘lishadi

Qur’oni Karimda vaqt ne’matining ulug‘ligi, qadrining balandligiga dalolat qiluvchi ko‘plab oyatlar vorid bo‘lgan.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

«Asr bilan qasam» (Asr surasida 1-oyat).

Abdulloh ibn Abbos ushbu oyat tafsirida: «Asr – bu vaqtdir», deganlar.

Vaqt ne’matdir. Juda oz kishilar undan unumli foydalanadi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar undan g‘aflatdadirlar. Ular – sog‘lik va bo‘sh vaqt», dedilar». (Imom Termiziy rivoyati).

Payg‘ambarimiz alayhissalom har bir daqiqalarini Alloh yo‘lida sarflar edilar. Har lahzada u zotdan Allohga solih amal ko‘tarilar edi.

Ibn Qoyyim aytadilar: «U zotning so‘zlari ham, harakatlari ham, jim turishlari ham, yurish-turishlari ham Allohning zikri edi. Ul zot aytar edilar: «Ikki ne’mat bor, ko‘pchilik ularni qadrlamaydi: sog‘lik va bo‘sh vaqt» (Imom Buxoriy rivoyati).

Chunki insonlar vaqtlarini gunohlarga, shahvatlarga, nojoiz ishlarga sarflaydilar. Payg‘ambar alayhissalom der edilar: «Besh narsadan oldin besh narsani qadrlanglar: qarilikdan oldin yoshlikni, mashg‘ullikdan oldin bo‘sh vaqtni, kambag‘allikdan oldin boylikni, o‘limdan oldin tiriklikni, kasallikdan oldin sog‘likni» (Imom Termiziy rivoyat qilib, “hasan hadis”, deganlar).

Vaqtning to‘xtab turmasligi haqida

Sufyon Savriyga: «Biz bilan birga gaplashib o‘tiring», deyishdi. «Qanday gaplashib o‘tiraman?! Vaqt to‘xtab turmaydi, quyosh esa bandalarning amallariga guvoh bo‘lib turibdi», deb javob berdilar.

Kurz ibn Vabaraga do‘stlari: «Gaplashib o‘tiramiz, kel», deyishsa, «Quyoshni to‘xtatib tura olasizlarmi?» der edilar. Kim ham quyoshni to‘xtata olardi? O‘tgan daqiqalar qaytib kelarmidi?

Vaqtni zoye qilmaslik haqida

Amir ibn Hubayra vaqt to‘g‘risida juda chiroyli va hikmatli so‘z aytganlar:

«Sen e’tibor beradigan narsalarning ichida eng qimmatbahosi – bu vaqtdir. Lekin senda uning oson zoye bo‘ladigan narsa ekanini ko‘ryapman».

Vaqtini sovurganlar ikki dunyo noz-ne’matlaridan mahrum bo‘lishadi. Faqat uni foydaga alishtirganlar, har lahzadan unumli foydalanib qolganlargina yutadi. Ana shulargina vaqtning hisob-kitobida uyalib qolishmaydi.

Hasan Basriy aytadilar: «Har bir tongi yorishadigan kun borki, inson bolasiga bunday nido qiladi: «Men yangi yaratildim (imkoniyatingman), ishlaringga shohidman, mendan foydalanib qol. Agar ketsam, qiyomatga qadar kelmayman».

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh shogirdlariga birovlar vaqtini olmasligi uchun: «Oldingizga kelgan odamga ilm haqida gapiring. Agar u ilmga moyil inson bo‘lsa, har doim oldingizga ilm uchun keladi. Agar ilmga moyil bo‘lmasa, ikkinchi marta oldingizga kelmaydi va sizning vaqtingizni olmaydi», der edilar.

Behuda ketgan vaqt haqida

Olmon mutafakkiri Artur Shopengauerning hikmatli so‘zlariga quloq soling: «O‘rtamiyona odam vaqtni tez o‘tkazish payidan bo‘ladi, iste’dod egasi esa undan ko‘proq foydalanib qolishga urinadi. Qarta o‘yini aqliy inqirozning yaqqol nishonasidir. Odamlar fikr almashinishga qurbilari yetmasa, qarta tashlashadi».

Ushbu so‘zlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘z ummatlariga qilgan nasihatlari jumlasidan edi: «Alloh taoloning bandadan yuz o‘girish alomatlaridan biri bandaning o‘ziga keraksiz narsalar bilan mashg‘ul bo‘lishidir».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir», dedilar».

Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilishgan.

Demak, kishining Islomi husnli bo‘lishi ham yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin ekan. Uning qanday bo‘lishi esa Islomdagi kishining o‘ziga bog‘liq. Agar inson o‘zi uchun behuda bo‘lgan narsalarni tark qilsa, bu uning Islomi husnli bo‘lganiga dalil ekan. Chunki bu ishni faqat haqiqiy musulmon odamgina amalga oshiradi. Chin musulmon odam hayotning har bir lahzasiga o‘ta jiddiylik bilan qaraydi. Qiyomatda ana shu har bir lahza uchun hisob-kitob, savol-javob bo‘lishini zinhor unutmaydi. Chin musulmon odam behuda sarflangan vaqt, molu dunyo, sog‘lik, kuch-quvvat, imkoniyat va boshqa narsalar uchun qiyomat kuni javob berishini to‘la his qilib yashaydi. Shuning uchun u behuda narsaga umuman yaqinlashmaydi. Bu esa o‘z navbatida uning Islomining husni bo‘ladi.

(Davomi bor)

Oxunjon Oxunov tayyorladi

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!