Bollivud yulduzlari Sonakshi Sinha va Zahir Iqbol turmush qurmoqda

Bollivud yulduzlari Sonakshi Sinha va Zahir Iqbol turmush qurmoqda

Mish-mishlarga ko‘ra, 37 yoshli aktrisa Sonakshi Sinha va uning 35 yoshli qallig‘i, aktyor Zahir Iqbol 23 iyun kuni Mumbayda nikoh to‘yini nishonlaydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, jurnal muqovasiga o‘xshash tarzda yaratilgan to‘y taklifnomalari egalariga allaqachon jo‘natilgan.

Taklifnomada juftlik fotosurati va atrofida “Mish-mishlar haqiqat edi”, “23 iyunda sizni kutib qolamiz” kabi so‘zlar va to‘y marosimi manzili bitilgan. Sonakshi va Zahir garchi birgalikda tushgan fotosuratlarini yashirmagan bo‘lsa-da, munosabatlarini hech qachon rasman tasdiqlamagan.

Sonakshi Sinha va Zahir Iqbolning Bollivud olamiga kirib kelishiga taniqli aktyor Salmon Xon sabab bo‘lgan. Sonakshi 2010 yilda “Qo‘rqmas” (“Dabangg”) filmida debyut qilgan, Zahirning birinchi filmi esa 2019 yilda “Xotiralar kundaligi” (“Notebook”) bo‘lgan. Bo‘lajak er-xotin Double XL (2022) filmida birgalikda suratga tushishgan.

Sonakshining otasi aktyor va deputat Shatrugxan Sinha G‘arbiy Bengaliyadagi TMC (Trinamol Congress) partiyasi uchun saylovoldi tashviqoti bilan band bo‘lganligi sababli Zahir saylovlar tugashini kutdi. TMC partiyasi g‘alaba qozongach, ikki yosh to‘y taraddudlarini boshlab yubordi. Endilikda Bollivud yulduzlarini qo‘shaloq bayram kutmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!