Bayram Menek: "O‘zbekiston va Turkiyaning o‘xshash qadriyatlari ko‘p"

Bayram Menek: "O‘zbekiston va Turkiyaning o‘xshash qadriyatlari ko‘p"

Turkiya davlatining O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan Istanbulga sayohatga chiqdik. Bu sayohat bizda juda katta taassurot qoldirdi. Eng muhimi, o‘zbek-turk qardoshligi mustahkam ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Ayniqsa, Istanbuldagi "Laleli" bozoridagi holat bizni quvontirdi.

Bozorni aylanar ekanmiz, do‘konlardan biriga kirdik. O‘zbekistondan kelganimizni, bozordagi narx-navoni o‘rganmoqchi ekanligimizni aytdik. Shunda biz bilan gaplashgan sotuvchi ichkarida o‘tirgan odamga ishora qildi: "U do‘konning egasi. O‘sha bilan gaplashing". Xo‘p dedik va o‘zini Bayram Menek deb tanishtirgan kishiga yuzlandik.

— Biz do‘koningizdagi narx-navo haqida bilmoqchi edik. O‘zbekistondagi narx bilan solishtirmoqchimiz, keyin sizga bir-ikkita savollarimiz bor, — deb yuzlandik unga.

— Bemalol, marhamat, — deya rozi bo‘ldi Bayram og‘a tabassum bilan. — Xo‘sh, aynan nima haqida bilmoqchisizlar?

Bayram Menek do‘kon egasi ekanligini aytib, O‘zbekiston haqida so‘zlay ketdi. Toshkentga kelganini, bizdagi urf-odatlar unga yoqqanini ta’kidladi. Samarqand nonini bilishini va sevib iste’mol qilishini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda do‘stlari va hamkorlari ko‘pligini aytdi.

— O‘zbekistondagi urf-odatlar menga juda yoqadi. Turkiyaniki bilan juda o‘xshash. O‘zbekistonga borganimda, ayniqsa, sizning taomlaringizni sevib iste’mol qilaman. Palovni, ayniqsa. Yana boshqa milliy taomlaringiz ham yoqadi. Teleminoraga chiqqanman. Menga juda yoqqan. Yana O‘zbekistonga safar qilish niyatim bor, — deya fikr bildirdi Bayram Menek.

Bayram og‘aning do‘konida o‘tgan yarim soatchalik vaqtimiz bizga bir olam taassurot va iliqlik ulashdi. Rosti, chet davlatlarda va hatto o‘z yurtingda ham bunday xushmuomala odamni uchratavermaysan. Bayram og‘a bilan xayrlashar ekanmiz, albatta, O‘zbekistonga yana borishi kerakligini ta’kidladik. Va, albatta, biz unga o‘zinikidan-da mehrliroq munosabatda bo‘lamiz. Toki qardosh xalqlar o‘rtasidagi mehr-muhabbat mustahkamlanaversin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!