AQSh davlatiga poydevor qo‘ygan "uch bloger"

AQSh davlatiga poydevor qo‘ygan "uch bloger"

1787 yilning shamol uchirib ketgan kunlari... Shimoliy Amerikaning birlashgan shtatlaridan iborat 11 yasharlik davlat o‘zining eng muhim siyosiy inqirozini boshdan kechirayotgan edi. Bu inqirozdan chiqish oson kechmadi, lekin AQSh davlatchiligi poydevori yanada mustahkamlanib oldi. Amerikalik ilg‘or ziyoli qatlam siyosiy islohotlar jarayonida o‘ta muhim bo‘lgan ma’rifiy va g‘oyaviy vazifani o‘tab berdi.

O‘sha davrdagi poytaxt Filadelfiya shahrida yig‘ilgan majlis yangi konstitusiya loyihasini barcha shtatlarga taqdim etdi. Ko‘pgina shtatlar va ayniqsa eng nufuzli Nyu-York shtatida yangi konstitusiyani qabul qilmaslik kayfiyati kuchli edi. Qarshilikning asosiy sababi: shtatlar yagona markazga bo‘ysunib qolishi oxir-oqibatda o‘zlari ajralib chiqqan Britaniya imperiyasining nusxasini hosil qiladi, deb baholadilar. Undan tashqari ba’zi doiralarga tegishli tor siyosiy va iqtisodiy manfaatlarning o‘rni ham katta edi.

Shunda amerikalik uch siyosatchi o‘z ismlarini yashirib, “Publius” taxallusi ostida yangi konstitusiyaning g‘oyaviy asoslarini bayon qiladigan maqolalarni gazetalarda chiqara boshladilar. Bu uch muallif: Aleksandr Hamilton, Jeyms Madison, Jon Jey. Sarlavhada biz ularni shartli ravishda blogerlar deb atadik.

Mualliflar dastlab 25 maqola chiqarmoqchi bo‘ldilar, ammo jamoatchilikdagi qizg‘in bahslar sababli maqolalar soni 85 ga yetdi. Bu gazeta matnlari hozirgi kunda zamonaviy davlatchilik nazariyasiga oid jonli mumtoz asarlar qatorida ko‘riladi.

Darvoqe, uch anonim “blogerlar” keyinchalik yetishgan cho‘qqilari haqida ikki og‘iz so‘z:

•  - Aleksandr Hamilton 1795 yilda mamlakatning moliya vaziri etib tayinlangan.

•  - Jeyms Madison 1808 yilda AQShning to‘rtinchi prezidenti bo‘lib saylanadi.

•  - Jon Jey 1784 yilda Tashqi ishlar vaziri, 1789 yilda Oliy Sud raisi, 1795 yilda Nyu-York gubernatori lavozimlarini egallagan.

Ushbu va keyingi maqolalarimizda “Federalist” umumiy nom ostida chiqqan mazkur siyosiy esselarning g‘oyalarini qisqa shaklda bayon qilmoqchimiz. Umid qilamizki, bu maqolalar o‘quvchilarda zamonaviy davlat boshqaruvi va siyosiy bilimlarga oid asosiy tushunchalar shakllanishiga imkon beradi.

Federalist №1: Umumiy kirish
Birinchi maqola Hamilton tarafidan yozilgan bo‘lib, “Independent Journal” gazetasida 1787 yilning 27 oktyabrida chop etilgan. Maqola Nyu-York aholisiga murojaat deb boshlanib, unda quyidagi g‘oyalar aks etgan:

1.  Muallif barcha shtatlar ustidan federal markaz boshqaruvi bo‘lishi zarurati tarafdori ekanligin aytiladi. Keyingi chiqadigan maqolalarida buning foydasi haqida aqliy dalillarga asoslab berilishi va’da qiladi.

2.  Odamlar o‘z aqllari va ixtiyorlari bilan yaxshi ishlaydigan davlat tizimini bapro qila oladilarmi? Yoki har safar bo‘lganidek, davlat zo‘ravonliklar va tasodiflar natijasida shakllanishga mahkummi? Mana shu savollarga ijobiy javobni amerikaliklar o‘z harakatlari va namunalari bilan bera olishlariga muallif ishora qiladi. Amerikaning butun insoniyat oldidagi missiyasi mana shu vazifadan iborat bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

3.  Tarqoq shtatlarni birlashtiradigan yangi konstitusiya tarafdorlari va ularga qarshi taraflar turli niyatda bo‘ladilar. Raqiblar ichida g‘arazli maqsaddagilar ham, umumiy manfaatni ko‘zlovchi xolis niyatli shaxslar ham mavjudligini e’tirof etish kerak. Ezgu niyatli siyosatchilarga turli tuhmatlar qilib, ularning yaxshi ishlarini to‘xtatib qo‘yish xavfi bor. Shuningdek, xalq uchun kurashni da’vo qilib chiqqan demagoglar hokimiyatga kelganda zolimga aylangani tarixda ko‘p uchragan.Motivlar (ichki maqsadlar, niyatlar) maxfiy qolishini e’tirof qilgan holda, u yoki bu siyosiy g‘oyalar aqliy dalillar asosida muhokamada bo‘lishi lozim. Siyosiy g‘oyalar diniy aqidalar kabi kuch bilan odamlar ongiga singdirilmasligi shart.

4.  Kuchli hukumat respublika prinsiplariga binoan ishlasa, xalq va inson erkinliklariga tajovuz qila olmaydi. Keyingi maqola davlatning asosini birlashgan xalq tashkil etishi haqida bo‘lib, uni Publius taxallusi ostida Jon Jey yozgan. Federalist №2 “The Independent Journal”da 31 oktyabr 1787 yilda chop etilgan. 

Bu haqda navbatdagi maqolamda yozaman.

Jamshid Muslimov,
bloger


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!