APLning VARsiz jadvali e’lon qilindi

APLning VARsiz jadvali e’lon qilindi

Agarda Angliya Premyer-ligasida VAR tizimi joriy qilinmaganida, hozir boshqacharoq jadval guvohiga aylangan bo‘lardik. Biz bugun 2023/24 yilgi mavsumda VAR tomonidan aralashilgan vaziyatlar, shu sabab urilgan yoki bekor qilingan gollar va ochkolarni hisoblab chiqdik. Shu orqali shakllantirgan jadvalimiz esa biroz boshqacharoq ko‘rinishga ega bo‘ldi. Unga ko‘ra, "Manchester Yunayted" yevrokuboklarga yo‘llanma beradigan o‘rinlarda bo‘lmaydi. "Tottenxem Xotspur" esa ikki ochkolik farq bilan turnir jadvali yetakchisiga aylanadi.

Agarda VAR bo‘lmaganida, "Tottenxem" "Arsenal" va "Brentford"ga qarshi o‘yinlarni yutib olgan bo‘lardi. Negaki, ana shu bahslarda video assistent referi tizimi orqali raqiblarga penalti olib berildi. Oqibatda, jami 4 ochko yo‘qotildi.
"MYu"ning hozirda qayd etib turgan 5 ta mag‘lubiyati va 7 ta g‘alabasi o‘zgarishsiz qoladi.
"Brayton" esa "Everton" bilan 1-1 tugagan o‘yinda g‘alabaga erishgan bo‘lardi. Shu orqali "chag‘alaylar" "MYu" va "Nyukasl"ni ortda qoldirib, kuchli oltilikka kirardi. Bu esa o‘z navbatida, turnir jadvalining umumiy qiyofasiga bir qadar ta’sir qiladi.

Yangi mavsumning o‘n ikki haftasi davomida VAR jami 26 ta vaziyatga aralashdi. Ular ichida 11 ta bekor qilingan gollar va 7 ta penalti belgilanishlari bor. Olib berilgan penaltilarning barini golga aylantirilganini ham alohida ta’kidlash joiz. Umumiy olganda, VAR qarorlaridan eng ko‘p foyda ko‘rga bu "Nottingem Forest"dir. Stiv Kuper jamoasi foydasiga uch bor VAR qaror qabul qilgan. Shulardan ikkitasi durang bahsda, bittasi "Liverpul"ga mag‘lubiyatda yuz bergan.
"Arsenal" va "Chelsi" foydasiga 3 ta qaror chiqarilgan va shuncha vaziyat ularga qarshi ishlagan. Xususan, Mikel Arteta jamoasi VAR'siz hozirgidan ko‘ra bir ochko ko‘proq yig‘gan bo‘lardi.
Shuningdek, "Byornli", "Liverpul", "MYu" va "Tottenxem" ham uch bor VAR qarorlaridan aziyat chekkanlar qatoridadir.

Agarda "Manchester Yunayted"ning holatiga e’tibor bersak, VAR jamoaning ochkolarini o‘zgartirmagani, faqatgina gollar nisbatiga biroz ta’sir ko‘rsatganini bilib olish mumkin. "Arsenal" bilan o‘yinda VAR sabab Garnachoning goli bekor qilinadi. Shuningdek, Entoni Teylor Xaversga qo‘pollik ishlatilganda qo‘ygan penaltisi ham shu tizim sababli yo‘qqa chiqqandi.
Jadval pastrog‘iga e’tibor bersak, deyarli o‘zgarishni ko‘rmaymiz. To‘qqizinchi o‘rindagi "Vest Xem"dan to 18 o‘rindagi "Luton Taun"ga qadar hamma klub haqiqiy o‘rnida qolgan. Faqatgina "Byornli" va "Sheffild Yunayted"lar joy almashib oladi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, hozirga qadar "Luton Taun", "Vest Xem" va "Vulverxempton" klublari biror marta VAR`dan zarar yoki foyda ko‘rgani yo‘q.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!