2024 yil may oyiga ko‘ra I-II-III-IV toifaga mansub ob’ektlarga 9782 ta ekspertiza xulosasi taqdim qilingan

2024 yil may oyiga ko‘ra I-II-III-IV toifaga mansub ob’ektlarga 9782 ta ekspertiza xulosasi taqdim qilingan

2024 yil may oyi yakuni holatiga ko‘ra, o‘rta, past va mahalliy darajada xavfli bo‘lgan I-II-III-IV toifaga mansub ob’ektlarga 9782 ta ekspertiza xulosasi taqdim qilingan.

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat ekologik ekspertizasi markazi axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramova ma’lum qildi.

Jamoatchilik eshituvi - yurtimizdagi qurilish loyihalari va ularning qurilishida ekologik talablarga qat’iy rioya qilinishi hamda atrof-muhit va jamiyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlar xususida ochiq yig‘ilish yoki uchrashuvdir.

Bu jarayonda davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, loyiha ishlab chiquvchilari, mutaxassislar va oddiy fuqarolar ishtirok etadi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari vakillari jamoatchilik eshituvlarida kuzatuvchi sifatida qatnashadi. Tuman, shahar hokimliklari jamoatchilik eshituvining tashkilotchisi hisoblanadi.

Eshituvdan maqsad jamoatchilikka qurilish loyihasi haqida to‘liq ma’lumot berish, fuqarolarning fikrlari va takliflarini tinglash, loyihaning atrof-muhitga ta’sirini jamoatchilik bilan muhokama qilish hamda ularning fikrlarini hisobga olgan holda loyiha bo‘yicha qaror qabul qilish.

Jamoatchilik eshituvlarida ma’lum bir loyiha, qurilish, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishdan oldin ommaga loyiha ma’lumotlari batafsil, to‘liq va tushunarli shaklda taqdim etilishi lozim bo‘ladi.

Xususan, loyiha amalga oshiriladigan joyning aniq manzili, faoliyat turi va maqsadi, ish jarayonlari hamda ularning davomiyligi haqida ma’lumot, loyiha doirasida qanday mahsulotlar ishlab chiqarilishi va bu mahsulotlar qanday texnologiyalar asosida tayyorlanishi, o‘rnatiladigan uskunalar va ularning xususiyatlari, turlari, ishlashi uchun kerakli sharoitlar hamda ularning xavfsizligi, ishlab chiqarish jarayonida qanday quvvat manbalari va resurslardan foydalanilishi, ishlab chiqarish jarayonida atmosfera, suv va yer omillarining ifloslanishi, shovqin, radiasiya va boshqa ta’sirlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim qilinishi maqsadga muvofiqdir.

Bugungi kunda yuqori va o‘rta darajada xavfli faoliyat turlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan tasdiqlangan “Atrof-muhitga ta’sirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom” talablariga binoan amalga oshiriladi.

Davlat ekologik ekspertizasi markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallarining ekspertlari tomonidan 2024 yil 1 yanvardan 31 may yakuni holatiga ko‘ra, o‘rta, past va mahalliy darajada xavfli bo‘lgan I-II-III-IV toifaga mansub ob’ektlarga 9782 ta ekspertiza xulosalari taqdim qilingan. Shundan, jamoatchilik eshituvlar o‘tkazilgan va jamoat tomonidan maqullangan ob’ektlar soni 6282 ta, xulosasi rad etilgan yoki qayta ishlashga yuborilgan hujjatlar soni esa 699 tani tashkil qiladi.

Qanday holatlarda salbiy ekspertiza xulosasi taqdim qilinadi yoki hujjatlar qayta ishlashga yuboriladi?

- loyiha bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilmagan bo‘lsa yoki aholi jamoatchilik eshituvlarida loyihani maqullamagan bo‘lsa;

- jamoatchilik eshituvlari Vazirlar Mahkamasining 541-sonli qarorining 3-ilovasi talablariga binoan o‘tkazilmagan va rasmiylashtirilmagan bo‘lsa;

- rejalashtirilayotgan faoliyat uchun tanlangan yer maydoni aholi yashash xonadonlari sanitar himoya mintaqasida joylashgan bo‘lsa;

- ishlab chiqarish jarayonlari va atrof-muhitning ekologik holati to‘liq yoritilmagan bo‘lsa;

- atmosfera havosiga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalar manbalari, ko‘rsatkichlari va miqdori me’yoriy hujjatlar talablariga zid yoki noto‘g‘ri hisoblanganda;

- ishlab chiqarish jarayonlarida sarf etiladigan suv manbalari, zarur suv miqdori, hosil bo‘ladigan oqava suvlar manbalari, tozalanish usullari, ko‘rsatkichlari va miqdori me’yoriy hujjatlar talablariga zid yoki noto‘g‘ri hisoblanganda;

- ishlab chiqarish jarayonlarida hosil bo‘ladigan chiqindilar, ularni turlari, xavflilik darajasi, hosil bo‘lish miqdorlari, saqlanish joylari va olib chiqib ketish usullari me’yoriy hujjatlar talablariga zid yoki noto‘g‘ri hisoblanganda;

- tanlangan yer maydoni hududida mavjud daraxtlar va butalarga shikast yetkazish, ularni kesish xavfi bo‘lganda, hamda loyiha hujjatlarida ishlab chiqarish faoliyatining atrof-muhitga ta’sirini ekologik baholash uchun imkoniyat bermaydigan boshqa kamchiliklar aniqlanganda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!