Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari birlashgan kuchlari qo‘mondoni general Sodolni ishdan bo‘shatdi
Xabar qilinishicha, uning o‘rniga brigada generali Andrey Gnatov tayinlanadi.
24 iyun kuni “Azov” milliy gvardiyasi brigadasi boshlig‘i Bogdan Krotevich Yuriy Sodol ustidan shikoyat qilgan edi. Krotevichning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina Davlat tergov byurosiga "har qanday rus generalidan ko‘ra ko‘proq ukrainalik harbiy xizmatchilarni o‘ldirgan bir harbiy generalning" xatti-harakatlarini tekshirishga chaqiruvchi bayonot taqdim etgan.
Krotevichning murojaatida generalning ismi tilga olinmagan, biroq ukrain ommaviy axborot vositalari gap aynan Sodolga tegishli ekanligini yozgan. Krotevichning ta’kidlashicha, general "viloyatlar va o‘nlab shaharlarning qo‘ldan chiqishi, minglab askarlarning halok bo‘lganligi" uchun aybdor.
Yuriy Sodol Valeriy Zalujniy iste’foga chiqqanidan va Ukraina harbiy rahbariyatidagi o‘zgarishlar amalga oshirilganidan so‘ng Ukraina Qurolli kuchlari birlashgan kuchlari qo‘mondoni etib tayinlangan edi.