“Yulduz qaysi toifaga kiradi?” Yoxud o‘tin yorayotgandagina “Bismilloh”ni aytadiganlar...

“Yulduz qaysi toifaga kiradi?” Yoxud o‘tin yorayotgandagina “Bismilloh”ni aytadiganlar...

Bizda turli xil toifadagi musulmonlar bor, menimcha.

1. Musulmon bo‘lib tug‘ilgan, lekin musulmon bo‘lib yashamaydiganlar.
Savolga “ha, musulmonman“ deb javob beradi.
Islom bu guruhga kiruvchi odamlarni hayotida faqat anana va qadriyatlardagina yashab kelmoqda. Omin qilishni biladi, fotixa o‘qishni ko‘pchiligi bilmaydi, bilganiyam faqat ma’raka yoki qabristonda o‘qiydi. Aroq ichilgan dasturxonda o‘qivoradiganlariyam bor. Axloq va odoblari ko‘rgan filmlari natijasida shakllangan va nafsini xech qachon xafa qilmaydi. Ayollari to‘y oqshomida yelka ochiq kiyinib nikoh o‘qilayotganda paranjida o‘tiradi, erkaklari faqat ta’ziyaga borganda o‘zini musulmondek tutadi. Juma namoziga chiqmaydi, ro‘za tutgani yaramayman deb o‘ylaydi. G‘uslni bilmaydi, mukammal tahorat ololmaydiganlari ham ko‘p. 
Bismillohni o‘tin yorayotganda va kimdir eslatsa, dasturxonda aytishi mumkin. Islomiy buyruqlarga toqatsiz. Islom nomi bilan nasihat qilganlardan qochishga urinishadi. Namoz o‘qiydiganlarni, soqol qo‘yganlarni, hijobda yuradiganlarni (ochiqcha tan olishmasa-da) jinlari suymaydi. O‘lganda musulmoncha udumlar bilan qabrga qo‘yiladi. Shiorlari: qalb toza bo‘lsa, bas. Aslida qalblaridagi tasavvurlaridagi tozalik ham kamdan kamlarida uchraydi. Bu guruh odamlari qandaydir extimoliy ta’sir va sabablar bilan men keltiradigan pastdagi guruh odamlariga aylanishlari mumkin.
Bu guruh odamlari aholining 50 foizini tashkil qiladi desam g‘ashlaring kelmasin.

2. Qanday e’tiqodiy oilada tug‘ulgani muhim emas. Savolga javob beradigan yoshga yetganda “Alhamdulillah, musulmonman!“ deb javob beradi. Namozni to‘liq o‘qimaydi, ba’zilari faqat bomdod o‘qishadi. Axloq odoblari gunoh va savob tushinchalariga asoslangan. Hajga borishni orzu qilishadi, ro‘zani iymon kuchidan emas, jismoniy holatidan kelib chiqib tutishadi. Irim-sirimlarga moyilliklari bor, hayot tarzlari Islomiy ilmlarga asoslanmagan, yashash tarzlarida sof Islom buyurganlarini hisobga olaverishmaydi. Lekin Islomni o‘rganishga moyilliklari bor doim. Ayollari o‘rtamiyona kiyinishadi, tizzadan tepasini, yelkasini ko‘rsatib yurishdan hayo qilishadi. Erkaklari, masjidlarga faqat juma va hayit namozlarida chiqishadi.
Bundaylar sovet davridan onglari chalajon bo‘lib o‘tgan oila farzandlari. Din haqidagi tushunchalari faqatgina bobo va buvilarini aytganlariga asoslangan. Bu guruhdagi insonlar hayotlari davomida sanab o‘tayotgan barcha guruhlarimizdagi odamlarga aylanishlari mumkin.
Bu guruh odamlari umumiy aholini 20 foizi desak to‘g‘ri bo‘lsa kerak.

3. Qanday oilada tug‘ilgani muhim emas. Muhimi u qaysidir davrda va qaysidir sabab bilan hidoyat topgan. Aslida bu guruhni ham guruhlarga bo‘lish mumkin, lekin bayon cho‘zilib ketadi. Endi bundaylar hidoyatni qanday topganiga qarab yuqoridagi guruh odamlariga toqatlari turlicha bo‘ladi.
Keling, bu guruhni 10 % deylik.

4. Musulmon oilada tug‘ilgan. Butun borlig‘iyu hayot tarzi Islom aqiydalariga asoslanganlar guruhi. Sovet davridagi repressiyalar oqibatida noixtiyoriy biroz radikallashgan, mutaassiblashgan oilada unib o‘sganlari yuqoridagi guruh odamlariga mutloqa toqatsiz, ularni odam o‘rnida ko‘rmaydiganlari ham bor.
Lekin saodat asrlaridagi ummatdek xushfe’l, dono, mukammal taqvoli, yuqoridagi guruhlarga toqatlilari ham ko‘plab uchraydi. Bularning boshqa guruhdagilar kabi bo‘lish ehtimoli deyarli yo‘q. Bundaylarni ham 10% desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Qolgan 10 foiz odamlar ateist, deist, teist va boshqa e’tiqoddagi odamlardir. Mavzu bu guruh odamlari haqida emas.
Mana xalqimizni guruhlarga bo‘lib ham oldik.
 Endi ozgina tahlil qismi. 
Har bir guruhning mashhur a’zolari bor. Bular ko‘proq san’atkorlar, siyosatchilar, shoir-adiblar va blogerlar bo‘lishi mumkin.
Guruhlar o‘zaro toqatsiz ekanini xisobga olsak ularni yuqori bosqichga chiqishida mashhurlar xizmat qilishadi. Masalan, Yulduzni olaylik. U 3-,4- guruhlar nazdida xato fikr qilgandir. Lekin u o‘z guruhidagi odamlarni mashhuri sifatida minglab 1- va 2-guruhlardagi muxlislarida keyingi bosqichlarga ko‘tarilishlariga sabab bo‘lgan qiziqishni uyg‘otdi. Yulduz ishida davom etib, namoz o‘qishini, ro‘za tutishini ham o‘z axloqicha ommaga bildirsa, buning ortidan o‘sha o‘zi mansub bo‘lgan guruh odamlari ham unga ongli yoki ongsiz havas tufayli ergashadilar. Bir amallab 3-bosqichga kelib qolgan 1- va 2- bosqich odamlari ilmni mustaqil izlashni boshlaydilar va 4-guruh nazdidagi hidoyatga ham erishadilar. Sizni malomatingiz faqat o‘zingiz mansub bo‘lgan guruh odamlariga qiziq va ta’sirli bo‘lishi mumkin. Boshqa guruh vakillariga esa aks ta’sir qiladi. Din uchun hech qachon foyda bermaydi. Shuning uchun toqatli bo‘lishga intilishimiz kerak deb o‘ylayman. 
To‘g‘ri, biroz xayolparastlikdek tuyulishi mumkin lekin ko‘p yillik kuzatishlarimdan shu xulosaga kelganman. 

Abdulaziz Eshonto‘rayev


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!