Xitoyda tahsil olayotgan Oyzoda Aminova O‘zbekistonda klinika ochmoqchi

Xitoyda tahsil olayotgan Oyzoda Aminova O‘zbekistonda klinika ochmoqchi

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xorijda tahsil olayotgan yoshlar hayoti bilan qiziqib, ular bilan aloqa o‘rnatmoqda.

Maqsadimiz ular o‘qiyotgan oliygohdagi ta’lim jarayoni bilan tanishib, vatandoshlarimiz O‘zbekistonga qaytganida qanday yangiliklarni amalga oshirmoqchiligini bilib olishdan iborat.

Xitoy xalq universitetining xalqaro munosabatlar fakulteti magistranti, vatandoshimiz Oyzoda Aminova O‘zA muxbiri bilan kelajakdagi orzulari haqida o‘rtoqlashdi.

* * *

Oyzoda Aminova, Xitoy xalq universitetining xalqaro munosabatlar fakulteti magistranti:

Toshkent shahrida tug‘ilganman. 2003 yili otamni Xitoyda ishlashga taklif qilishganligi uchun oilamiz bilan Xitoyning Urumchi shahriga ko‘chib bordik. U vaqtda men endigina 1-sinfni, akam esa 3-sinfni tugatgan edi. Lekin xitoy tilini bilmaganligimiz tufayli akam bilan xitoy maktabida 1-sinfdan qayta o‘qishga to‘g‘ri keldi.

Yoshimiz kattaroq bo‘lgani va o‘z tengdoshlarimizga yetib olish maqsadida birinchi sinfdan keyin uchinchi sinfga sakrab o‘tganmiz. Avvaliga til bilmaganimiz uchun bir oz qiynaldik, lekin tengdoshlarimiz bilan do‘stlashib tezda xitoy tilida gaplasha boshladik. O‘rta maktabni Urumchi shahrida tugatgach, imtihon topshirib, Xitoyning nufuzli universitetlardan biri hisoblangan Xitoy xalq universitetining xalqaro munosabatlar fakultetiga o‘qishga kirdim. Akam ham shu universitetning xalqaro iqtisodiyot bo‘limida o‘qiy boshladi. O‘sha vaqtda universitetimizda bakalavriat bo‘limida turli mamlakatlardan kelgan talabalar orasida atigi ikkimiz O‘zbekistondan kelgan edik. Bakalavriat bosqichini tugatganimizda universitet rahbariyati akam ikkimizga yana ikki yillik magistraturada o‘qish uchun grant mukofotini berdi. Hozir magistraturani tugatib, diplom himoyasi arafasida turibmiz.

Bu yil Xitoyda yashay boshlaganimizga ham 16 yil bo‘libdi. Ko‘p yil o‘zga yurtda yashasak ham baribir ona vatanimizni qo‘msaymiz. U bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday yangiliklarni kuzatib boramiz.

Madaniyat kunlarining eng faoli bo‘lamiz

Har yili oktyabr oyida universitimizda dunyo xalqlarining madaniyat kunlari o‘tkaziladi. Ana shunda biz o‘zbekistonlik talabalar bilan birgalikda milliy liboslarimizni kiyib, milliy taomlarimiz va o‘yinlarimizni xitoyliklar va boshqa millat vakillariga ko‘rsatamiz. Shunisi quvonarliki, bizning ko‘rgazmamiz oldi doimo boshqa mamlakat ko‘rgazmalariga nisbatan gavjum bo‘ladi. Chunki o‘zimiz tayyorlagan o‘zbek taomlarining mazasi va o‘zbek liboslari, zavqqa to‘la raqslari boshqa xalqlarda katta qiziqish uyg‘otadi.

Ko‘p sayohatda bo‘lamiz. Ana shunda, xitoy davlatining bepoyonligi, tabiatinig turli tumanligi, unda yashayotgan xalqlarning shevalaridan tortib urf-odatlariyu, taomlari bir-biridan farq qilinishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ammo xitoy xalqi ba’zi jixatlari, masalan, mehnatsevarligi, ishbilarmonligi, kattalarni hurmat qilishi bilan o‘zbeklarga juda o‘xshab ketadi.

Ikki bobomdan minnatdorman

Xalqaro munosabatlar, ya’ni diplomatiya kasbini tanlashimga asosan ikki bobom sababchi bo‘lgan. Mening ikkala bobom respublikamiz ravnaqiga katta hissa qo‘shgan, el-yurtga tanilgan kishilar O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, ensiklopedik olim Murodjon Aminov va nevropotolog, akademik Nabi Majidov.

Biri ensiklopedik olim bo‘lgani tufayli, yoshligimda bizga ko‘pincha O‘zbekiston tarixi, Buyuk ipak yo‘li va dunyoda bo‘layotgan turli voqealarni biz uchun tushunarli tilda so‘zlab berar edi. Qizig‘i shundaki, 2013 yili men universitetga o‘qishga kirganimda, ayni shu vaqtdan boshlab Xitoy davlati Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklash maqsadida Bir makon, bir yo‘l loyihasini keng targ‘ib qila boshladi. Ana shunda, men xalqaro munosabatlar kasbini to‘g‘ri tanlaganimni va o‘zbek xitoy aloqalarining yanada rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shish imkonim borligini sezdim.

Yoshligimda bir-ikki bor bobomning ishxonasiga borganman. Eshigi oldi doimo navbat kutib turgan bemorlar bilan gavjum bo‘lardi. O‘shanda o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim, bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Bobom bir bemorni tekshiruvdan o‘tkazganidan u minnatdorlik bildirib pul tutqazmoqchi bo‘ldi. Lekin bobom bemor har qanday zo‘rlashiga qaramay pulni olishdan bosh tortdi. Bobomdan nega pulni olmagani sababini so‘rasam, bemor uzoq bir qishloqdan kelgani va unga kelgusida davolanishiga dori-darmon olishi uchun ko‘p pul kerakligini aytdi.

Kelajakda ikkita katta loyihani amalga oshirishni rejalashtirganman. Birinchisi, dunyo xalqlarining tarixi va madaniyati xaqida ko‘p qismli hujjatli film tayyorlash. Filmning birinchi qismi vatanimiz O‘zbekiston haqida bo‘ladi.

Oradan ko‘p yillar o‘tgach, universitetga o‘qishga kirib, o‘zim uchun kelajakda qilmoqchi bo‘lgan ishlarimni rejalashtirayotganimda, albatta, O‘zbekistonda shaxsiy klinika ochishni maqsad qilib qo‘yganman. Eng muhimi shuki, bu klinikada kam ta’minlangan oilalarda yashayotgan bemorlar bepul davolanishi mumkin bo‘ladi.

Albatta, o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimga yetish uchun birinchi navbatda o‘qishni muvaffaqiyatli tugatish va o‘z ustimda ko‘p ishlashga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda o‘qish bilan birgalikda xalqaro yoshlar hayotiga va turli mamlakatlarning urf-odatlariga bag‘ishlangan xitoy teleko‘rsatuvlarida qatnashayapman. Bundan tashqari, xitoylik do‘stlarim bilan qisqa metrajli hujjatli filmlar olishga ham erishdik. Tibbiyot sohasida ham harakatlarimizni boshlab yuborganmiz. Xitoydan vrachlar kelib O‘zbekiston bilan tanishib ketishdi. Bu loyihamni amalga oshirish uchun sarmoyadorlarni izlayapmiz. O‘ylaymanki, shu harakatlarim kelgusida o‘z orzularimga yetish uchun zamin bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!