Venesuela muxolifati nomzodi mamlakatdan qochib, Ispaniyadan boshpana so‘radi

Venesuela muxolifati nomzodi mamlakatdan qochib, Ispaniyadan boshpana so‘radi

Nikolas Maduroning so‘nggi prezidentlik saylovidagi asosiy raqibi 75 yoshli Edmundo Gonsales Ispaniya harbiy samolyotida Madridga yo‘l oldi. Bu haqda Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares ma’lum qildi. Gonsalesning advokati bu ma’lumotni AFPga tasdiqladi.

Avvalroq Venesuela vise-prezidenti Delsi Rodriges X ijtimoiy tarmog‘ida Gonsales Ispaniyadan siyosiy boshpana so‘ragani haqida yozgan edi. «Fuqaro Edmundo Gonsales Urrutia bir necha kun oldin Ispaniyaning Karakasdagi elchixonasidan boshpana so‘rab, mamlakatni tark etgan.» Vise-prezidentning ta’kidlashicha, Venesuela rasmiylari «mamlakatda osoyishtalik va siyosiy murosaga erishish» uchun muxolifat yetakchisiga aralashmagan.

Venesuelada prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakat rasmiylari ovoz berishning batafsil natijalarini e’lon qilmasdan, amaldagi davlat rahbari Nikolas Maduroni g‘olib deb e’lon qildi. Muxolifat keng ko‘lamli soxtalashtirishlarni e’lon qildi va ko‘chalarda norozilik namoyishlari boshlandi. To‘qnashuv natijasida 27 kishi halok bo‘ldi, 2 mingdan ortiq kishi hibsga olindi. Oxirgi bir oy davomida polisiyadan qochib yurgan birlashgan muxolifat nomzodini hibsga olish uchun order ham chiqarilgan.

2 avgust kuni Qo‘shma Shtatlar Edmundo Gonsalesni saylovning qonuniy g‘olibi deb atagan bayonot e’lon qildi. Braziliya, Meksika va Kolumbiya yetakchilari ham Maduroning g‘alabasiga shubha bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!