O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 9,4 mlrd dollarga yetdi
2023 yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlarning umumiy nominal YAIM dunyoning 1,7 foizini (taxminan 1,8 trln doll.), xarid qilish qobiliyati paritetiga bo‘yicha esa dunyoning 3,1 foizini (taxminan 5,7 trln doll.) tashkil etdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining so‘nggi 7 yil uchun O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo va investisiyaviy hamkorligi tahliliga bag‘ishlangan hisobotida qayd etilishicha, tashkilotga a’zo mamlakatlarning umumiy tashqi savdo aylanmasi 2023 yilda 1,2 trln dollardan oshgan.
O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi (xizmatlardan tashqari) esa so‘nggi 7 yilda 3,34 mlrd dollardan (2016 yil) 9,4 mlrd dollarga (2023 yil) qariyb 2,8 baravarga, oshdi.
Bunda eksport 1,71 mlrd dollardan (2016 yil) 3,2 mlrd dollarga (2023 yil) 1,9 baravarga o‘sdi. Import esa 1,63 mlrd dollardan (2016 yil) 6,2 mlrd dollarga (2023 yil) 3,8 baravarga o‘sdi.
2024 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha 2023 yilning shu davriga nisbatan O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,88 mlrd dollarini, eksport 2,49 mlrd dollarini, import esa 4,4 mlrd dollarini tashkil etdi.
2024 yil boshidan buyon O‘zbekistonda TDTga a’zo davlatlar kapitali ishtirokidagi 500 dan ortiq yangi korxona tashkil etilib, ularning umumiy soni 4 mingga yetdi (respublikada xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar umumiy sonining 28,8 foiz). 2021-2023 yillarda TDTga a’zo davlatlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga 5 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritdilar.