Nukus voqealarida 21 nafar fuqaro vafot etgan
Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti Oliy Majlisga taqdim etildi.
2022 yil iyul oyida Nukusda ro‘y bergan tartibsizliklar qatnashchilarining 943 nafari huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun ogohlantirilgan, 6135 nafar shaxsga ma’muriy jarima, 2639 nafar qatnashchiga esa ma’muriy qamoq jazosi belgilangan, 61 nafari jinoyatlar sodir etganligi aniqlangan.
Jinoyat ishi doirasida sudgacha qamoqqa olingan jami 168 nafar shaxsning 107 nafari (2 nafar ayol) Komissiya iltimosnomasiga ko‘ra oilasiga qaytarilgan, 30 nafar sudlanuvchi komissiya iltimosiga ko‘ra sud zalidan ozod etilgan.
Ommaviy tartibsizliklar davomida 21 nafar fuqaro (2 nafari huquqni muhofaza qilish idorasi xodimi) vafot etgan, 413 kishi jarohatlangan, shundan 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari.
Komissiyaga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ommaviy tartibsizliklarni ma’muriy binolardan uzoqlashtirish, va tarqatib yuborish maqsadida suv va rangli suyuqlik purkovchi texnika, ko‘zdan yosh oqizuvchi maxsus granatalardan foydalanilgan.
Fuqarolar va davlat idoralarining mol-mulkiga katta miqdorda 6,8 milliard so‘m moddiy zarar yetgan.
Tartibsizliklarni bartaraf etishda inson huquqlarini buzgan 3 nafar ichki ishlar organlari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.