“Shimpanze paradoksi” va hissiyotlarni boshqarish haqida
XXI asrda insoniyat erishayotgan fan va texnologiyadagi misli ko‘rilmagan yangi kashfiyotlar va ixtirolar bilan bilan bir qatorda, bashariyat o‘zini ham kengroq va chuqurroq o‘rganishga va tanishga katta qadam tashlamoqda deb aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bugun rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda zamonaviy psixologiya insonlarning ruhiyati, xulq-atvori va o‘zaro munosabatlarini o‘rganish orqali hayot tashvishlariga va kundalik hayotda insonlar o‘rtasida uchraydigan muammoli vaziyatlarga yanada aniqroq va teran fikr bilan qarash imkoniyatini yaratmoqda deb aytish uchun asoslar mavjud.
Hayot davom etar ekan, insonlar turli xil qarama qarshiliklar, kutilmagan vaziyatlar va yechimi topilishi qiyin bo‘lgan muammolar bilan bir qatorda, odatiy kundalik tarzida ham juda kichik bo‘lib ko‘rinsada, doimiy hayot tarziga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan holatlarga duch keladi. Bu tabiiy hol albatta. Chunki, bir insonda hayot bir tekisda silliq kechishi va davom etishi hech kim tomonidan kafolatlanmagan. Shunday ekan, bunday holatlarda insonninng o‘zini tutishi va atrofida yuz berayotgan va unga bog‘liq bo‘lmagan holda vujudga keladigan holatlarga munosabat bildirishi muhim ahamiyatga ega. Munosabat bildirgan taqdirda ham, albatta, birinchi navbatda o‘ziga va atrofdagilarga zarar yetkazmagan holda, o‘zini munosib ifoda eta olishi zarur hisoblanadi.
Ma’lumki, biz insonlarda aql-idrokdan tashqari, yashashimiz, boshqa insonlar bilan turli masalalarda munosabatlarga kirishishimiz va qaror qabul qilishimizga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi taassurotlar va hissiyotlar ham muvjudki, turmush tashvishlari davomida ular bilan hisoblashmaslikning iloji yo‘q. Aksincha, ko‘p hollarda va eng achinarlisi o‘ta muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilishimizda hissiyotlarga tayanishimiz bir tekisda davom etishi kutilayotgan hayotimizni butunlay izdan chiqarishi yoki bo‘lmasa yillar davomida o‘z mehnatimiz orqali erishgan obro‘-e’tiborimizni yoki biz uchun qadrli bo‘lgan insonlarimizni yo‘qotishimiz mumkin.
Shu boisdan ham, hozirgi kunda G‘arb davlatlarida zamonaviy psixologiyani chuqurroq o‘rganishga va turli tadqiqotlar hamda izlanishlar olib brishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu tadqiqotlar va izlanishlarning natijalaridan imkon qadar boxabar bo‘lish orqali o‘zimizga tashqaridan nazar solishni va turmush yo‘llarida uchraydigan insonlar bilan munosabatlarda va vaziyatlarga xolis baho berishni o‘rgana olsak, qaysidir ma’noda ko‘zlagan maqsadlarimizga tezroq va osonroq yetishishimiz muqarrar.
Shu o‘rinda, Britaniyalik professor, amaliyotchi psixiatr va psixolog Stiv Piters tomonidan aql-idrok va hissiyotlar o‘rtasidagi bog‘liqlik borasida olib borilgan tadqiqotlarni o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Xususan, S.Piters o‘zining “Shimpanze paradoksi. Miya menejmenti” degan kitobida bu masalani juda sodda tilda tushuntirib berishga harakat qilgan.
Professor kitobxonlarga tushunarli bo‘lishi uchun inson miyasini shartli ravishda qismlarga ajratib ko‘rsatar ekan, u yerda aql va idrokka tayanib ish ko‘radigan “Inson” hamda hissiyotlar va taassurotlarga asoslanadigan “Shimpanze” mavjud deb ta’kidlaydi.
S.Piters tomonidan ilgari surilgan ushbu qarash bizga atrofimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabatimizni ko‘rsatishda qulay yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qiladi. S. Piters fikriga ko‘ra, miyada “Inson” va “Shimpanze” tug‘ilgandan boshlab mavjud bo‘ladi va ular bir-biridan alohida mustaqil holda rivojlanadi hamda insonning butun hayoti davomida uning harakatlariga, xulq atvoriga va qabul qiladigan qarorlariga qaysidir ko‘proq va qaysidir kamroq holda o‘z ta’sirini o‘tkazib keladi. Eng ahamiyatli nuqta shundaki, biz “Shimpanze” borligini inkor eta olmaymiz va biz uning tabiatini o‘zgartira olmaymiz. Bizning qo‘limizdan keladigani imkon qadar uni boshqarishga harakat qilishimiz lozim. Shu o‘rinda professor bu holatni yanada osonroq tushuntirish uchun buni “iti bor odamning harakatlariga ya’ni, itning egasi hayvonning tabiatiga emas, balki uning boshqalarga zarar yetkazmasligi uchun uni boshqarishga mas’ulligini” ta’kidlaydi.
Demak, atrofimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabatni ifodalashda bizning oldimizda har doim ikkita asosiy maslahatchi “Inson” va “Shimpanze” turadi. Qaysi biridan maslahat olish va amal qilish esa shu paytgacha erishgan hayotiy tajribamiz, turli sohalarda olgan bilimlarimiz va insonlar bilan olib borgan munosabatlarimizdagi ko‘nikmalarga ham bog‘liq.
Bizning miyamizdagi “Shimpanze” hissiyotlarga asoslanib fikrlaydi va shunga munosib ravishda xulosalar taqdim etadi. “Inson” esa aksincha mantiqqa tayanadi va faktlar hamda haqiqatlarga asoslanib fikr yuritadi.
Afsuski, ko‘p hollarda mantiqan fikr yuritish va faktlarga asoslanib mulohaza qilish imkoniyatini qo‘ldan boy beramiz. Tabiatan gohida hislarimiz va hissiyotlarimiz ustunlik qiladigan chog‘lar uchrab turadi. Insonlarning o‘zi xoxlamagan harakatlarni bajarishga majbur bo‘lishi yoki salbiy hissiyotlarni o‘zidan kechirish holatida “Shimpanze” bu vaziyatda ustunlik qilayotgani ta’kidlanadi. Ushbu holatni yanada aniqroq tasavvur qilish uchun quyidagi misolni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, ertalab ishga shoshilib chiqqaningizda hovlidagi avtoturargohda kimdir avtomashinasi orqali sizning avtomashinangiz yo‘lini to‘sib qo‘ygan bo‘lsa, sizga darhol “Shimpanze” yordam keladi va quyidagi ko‘rinishdagi xulosalarni taqdim qiladi: “Nega bu odam bunday qildi?”, “Nega men uning bu harakati uchun ishga kech qolishim kerak?”, “Men uning albatta ta’zirini berishim kerak” va boshqalar. Bu vaziyatda “Inson” quyidagi xulosalarni taqdim etadi: “Balki qandaydir favqulodda holat bo‘lib shoshilgandir,” “Ehtimol shu yaqin atrofda bo‘lsa kerak,” “Balki avtomashinasida telefon raqamini qoldirgandir” va boshqalar. Guvohi bo‘lganimizday, bitta vaziyatga bir-biridan mutloqo farq qiluvchi ikki xil munosabat aks etgan. “Shimpanze” ko‘proq destruktiv munosabat tarafdori bo‘lsa, “Inson” esa ko‘proq konstruktiv fikr bildirmoqda.
Qanday qilib yoki qaysi usullar yordamida “Shimpanze”ni jilovlashimiz va har doim aql va mantiqqa tayanib, sog‘lig‘imiz va asablarimizni asragan holda, bir tekis hayot kechirishimiz mumkin degan tabiiy savol tug‘iladi. S. Piters o‘z nazariyasida bu savolga ham javob topishga harakat qiladi. Hislar ustunlik qiluvchi “Shimpanze” faqatgina yashab qolishga intilsa, “Inson” o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida harakat qiladi. Shimpanze o‘z nomi bilan hayvon bo‘lgani uchun ham insondan jismoniy jihatdan kuchli va u bilan tortishish va iroda kuchi bilan uni bosib turish befoydaligini ta’kidlaydi. Bunga eng yaxshi yo‘l sifatida u bilan murosa qilish va yanada aniqrog‘i unga “banan” taklif qilish orqali jilovlashga harakat qilish yoki “qafas”dan chiqarmaslik kabi choralarni qo‘llash lozimligini ta’kidlaydi. Masalan, aytaylik, men kompyuterda besh dona xat yozishim kerak, lekin menga “Shimpanze” bu ishimni to‘xtatib, qahva ichishim kerakligini taklif qilmoqda. Uni qanday jilovlash mumkin? S.Piters u bilan murosa qilish va kel birinchi shu xatlarni yozaylik keyin bemalol qahva ichamiz degan taklifni aytadi. Aynan shu yo‘l orqali “Shimpanze” biz ishimizni tugatgunga qadar tinchlanib turishi va qaysidir ma’noda tezroq tugatishimiz uchun motivasiya bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlaydi. Bunga ko‘plab misollarni keltirish mumkin, ammo har bir o‘quvchi o‘zi tushungan va anglagan holda o‘zi uchun tegishli misollarni topgani va mulohaza qilgani foydaliroq.
“Shimpanze paradoksi”dan chiqaradigan bir qator biz uchun foydali bo‘lgan xulosalar bor. Bular birinchi navbatda biz yashayotgan muhit, o‘zimizni ustida doimiy ishlashimiz va hayotiy tajribalarimizning bizda tug‘ma mavjud bo‘lgan “Shimpanze” va “Inson” instinktlariga doimiy ta’siri natijasida bizni shaxs sifatida shakllantiradi va rivojlantirib boradi.
“Shimpanze paradoksi”dan olinadigan yana bir oltin qoida shundaki, biz insonlarga va qaysidir vaziyatga baho berishdan va xulosa chiqarishdan oldin, albatta faktlarga va haqiqatlarga asoslanishimizga chaqiriqlar bor. Shu bilan birga, psixolog faktlar va haqiqatlarni aniqlashda hushyorlikka chaqirib, ular mish-mishlarga va boshqa shaxslarning fikr mulohazalriga tayanish ko‘p hollarda yanglish xulosalar chiqarishga sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantiradi. Chunki, aql idrok egalari hisoblangan insonlar har qanday holda ham dalillar to‘plashi va undan so‘ngra xulosa chiqarsa, shipanzelar esa avval xulosa chiqarib, undan so‘ngra o‘z xulosalarining to‘g‘riligini qo‘llab quvvatlashga erishish uchun dalillar qidirishadi!
Murodjon Mustafoyev,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mustaqil tadqiqotchisi