Yashnobod tumani hokimi o‘zini o‘zi mukofotlagani rostmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda “Yashnobod tuman hokimi o‘zini 62 million so‘m bilan mukofotladi” mazmunidagi xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabar yuzasidan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolarning hal etilishi, aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, hududlarni rivojlantirish bo‘yicha sektorlarning faoliyatiga baho berishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi 536-son qarorida sektorlar faoliyati samaradorligini baholash Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Baholash natijalari bo‘yicha hududlar darajasida “Eng tashabbuskor sektor” yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblar aniqlanishi va 1-o‘rin uchun BHMning 200 baravari, 2-o‘rin – 150 baravari, 3-o‘rin – 100 baravari miqdorida pul mablag‘i bilan rag‘batlantirilishi belgilangan.
Shunga muvofiq, Toshkent shahar hokimining farmoyishiga asosan, 12 tumanning 48 sektori kesimida o‘tkazilgan baholash natijasida Yashnobod tumani hokimi 1-sektor rahbari Baxtiyor Rahmonqulov 2-o‘rinni egallagan va unga BHMning 150 baravari miqdorida pul mukofoti ajratilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, mukofot mablag‘lari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi.
2024 yil 13 martda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Yashnobod tumani hokimining 2024 yil 24 oktyabrdagi qarori qabul qilinib, B.Rahmonqulovga 61,9 million so‘m ajratilishi ko‘rsatilgan. Ajratilgan mablag‘dan 12,4 million so‘m yagona ijtimoiy to‘lov, 5,9 million so‘m daromad solig‘i ushlab qolinib, B.Rahmonkulovga 43,6 million so‘m pul mukofoti berilgan.
P.S: Bu jarayonda huquqiy me’yorlar buzilmagani ma’lum qilinmoqda. Lekin, bu mavjud me’yorlarda ayrim bo‘shliqlar borligini ko‘rsatmoqda. Birinchidan, xalqqa xizmat ko‘rsatish sektor rahbarining, qolaversa, hokimning vazifasi. Buning uchun ular pul mablag‘lari bilan mahalliy byudjetdan mukofotlanishi mantiqqa zid. Mukofot oluvchining mukofot berilishi haqidagi buyruqqa o‘zi imzo chekishi o‘zini o‘zi mukofotlashdan boshqa narsa emas.