To‘rt viloyatda Tojikistondan keltirilgan narkotik moddalar musodara qilindi
Birgina Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirda 1 kg 995 gr “geroin”, 143 gr “Mefedron” hamda 3 litr suyuq “Mefedron” sintetik narkotik, qadoqlash vositalari, elektron tarozi va boshqa uskunalar topilgan.
DXX tomonidan Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida Tojikiston Respublikasidan keltirilgan narkotik moddalar musodara qilindi.
DXX va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida Toshkent shahrining Uchtepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1996 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan shaxsning vaqtinchalik yashash manzilidan 1 kg. 995 gr. “geroin” moddasi, 143 gr. “Mefedron” hamda 3 litr suyuq “Mefedron” sintetik narkotik, qadoqlash vositalari, elektron tarozi va boshqa uskunalar olindi.
Shuningdek, mazkur shaxs tomonidan mijozlarga sotish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani hududidagi xufiya joylarga yashirib ketilgan 6 ta zakladkalardan jami 1 kg. 296 gr. “Mefedron” ham olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik vositalari qozog‘istonlik va tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga yetkazib berilgan.
Boshqa holatda esa “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi, 1979 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsga tegishli 1 kg. 641 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u narkotik moddani Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1979 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanganligi uchun sudlangan fuqarodan 10 ming AQSh dollariga sotib olganligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida kuzatilgan holatda, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1960 y.t. shaxs Tojikistondan keltirilgan 901 gr. “opiy” moddasini 8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilib, jazo o‘tagan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1989 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Ko‘kdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashinaning orqa o‘rindig‘i ostiga Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 265 gr. “opiy” va 1 kg. “gashish” giyohvandlik vositalari yashirib qo‘yilganligi aniqlandi.
Bu yo‘nalishda DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazib, Tojikistondan olib kelingan giyohvandlik vositalarining viloyat hududida sotilishiga chek qo‘yishdi.
Jumladan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1964 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari sotganligi uchun 2 marotaba sudlangan shaxs Urganch shahrida ushlanib, uning qo‘l sumkasida bo‘lgan 989 gr. “opiy” moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Boshqa holatda esa “Surxondaryo-Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi Tuproqqal’a tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Denov tumanida yashovchi, 1957 y.t. fuqaro hamda uning 1990 y.t. kelinidan 993 gr. “gashish” moddasi olindi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.