Pokistonning Lahor shahrida O‘zbekistonga viza olishga ko‘maklashish markazi ochildi
O‘zbekiston elchixonasi va «Meezab Group» turistik kompaniyasi hamkorligida Pokistonning Lahor shahrida mamlakatimizga viza olishga ko‘maklashish markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi va unda Panjob viloyati rasmiylari, Elchixona, turistik kompaniyalar, OAV hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mehmonlarga mamlakatimizning boy madaniyati, tarixiy merosi va turistik salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga, Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida Pokiston turistik kompaniyalari va keng jamoatchiligi uchun O‘zbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlari haqida maxsus taqdimot o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonning ziyorat turizmi, gastronomik, tibbiy, MICE-turizm kabi turli yo‘nalishlardagi ulkan salohiyati alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Qo‘qon kabi tarixiy shaharlardagi obidalar, milliy taomlar va xizmat ko‘rsatishning yuqori sifati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston elchisi videokonferensiya shaklida ishtirok etib, o‘z nutqida so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar haqida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbir doirasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.