Tramp Isroilni ilk bor qattiq tanqid qildi: tinch aholi qurbonlari ko‘paymoqda
Donald Tramp Isroilning Livandagi harbiy harakatlari va tinch aholi qurbonlari ko‘payib borayotgani bo‘yicha ilk bor ochiq tanqid bildirdi.
U jurnalistlar bilan suhbatda Isroil hujumlari paytida Livan hududida juda ko‘p oddiy fuqarolar halok bo‘layotganini tan oldi. Uning aytishicha, maqsadli zarbalar haqidagi bayonotlarga qaramasdan, amalda ko‘plab tinch aholi qurbon bo‘lmoqda.
Tramp ta’kidlashicha, har bir maqsadni yo‘q qilish uchun turar joy binolarini vayron qilish mumkin emas, chunki bu binolarda faqat jangchilar emas, balki oddiy aholi ham yashaydi.
«Isroil “Hizbulloh” bilan juda uzoq vaqtdan beri urushmoqda va juda ko‘p odamlar halok bo‘lmoqda. Bir odamni izlash uchun ko‘p qavatli uyni vayron qilish shart emas», — dedi u.
Shuningdek, u yaqinda Bayrutga qilingan hujumlardan noroziligini bildirib, Eron bilan kelishuv oldidan bunday zarbalarni to‘g‘ri deb hisoblamasligini aytdi.
Donald Tramp Isroilga Suriyaga «Hizbulloh» masalasini hal qilish imkonini berishni taklif qildi. Uning fikricha, Damashq bu masalani yaxshiroq hal qilishi mumkin.
U shuningdek, Suriya rahbari Ahmad ash-Sharani mamlakatni birlashtirish borasida «ajoyib ish qilmoqda» deb baholadi va bu jarayonda Rajab Tayyib Erdog‘anning ham roli muhim ekanini ta’kidladi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar Isroil «Hizbulloh»ga qarshi operasiyalarni tinch aholi yo‘qotishlarisiz olib bora olmasa, bu ishni Suriya amalga oshirishi mumkin.
