O‘zbekiston va "Rotana Hotel Group" o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda "Rotana Hotel Management Corporation" strategiya bo‘yicha direktori Amna Al-Novays o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston mehmonxona industriyasiga xalqaro tajriba va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish hamda mamlakatning turistik jozibadorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida "Rotana" kompaniyasini O‘zbekistondagi bir qator mehmonxonalarni boshqarish jarayonlariga jalb etish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga kelishib olindi. Shuningdek, mehmonxona va mehmondo‘stlik sohasida qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish rejalashtirildi.
Tashrif doirasida Amna Al-Novays Samarqand va Toshkent shaharlarida bo‘lib, mamlakatning turizm va investisiya salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Rotana vakili Samarqandda Imom al-Buxoriy majmuasi hududida joylashgan yangi “Imom Bukhari Grand” mehmonxonasi, “Silk Way” mehmonxonasi va “SAG” mehmonxonasi hamda boshqa istiqbolli turistik loyihalarni o‘rgandi. Mutasaddilar tomonidan infratuzilma, xizmat ko‘rsatish sifati va kelgusidagi rivojlanish imkoniyatlari baholandi.
Toshkentda “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘i va Islom sivilizasiyasi markazida amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida qiziqish bildirildi. Poytaxtda bo‘lganida Amna Al-Novays kelgusida hamkorlik qilish uchun potensial maydon sifatida ko‘rilayotgan mehmonxona ob’ektlarini ham ko‘zdan kechirdi.
"Rotana" mutaxassislari tomonidan mehmonxona infratuzilmasini takomillashtirish, operasion boshqaruv samaradorligini oshirish va xizmat ko‘rsatish standartlarini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda "Rotana" Yaqin Sharqning eng nufuzli mehmonxona boshqaruv kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya Yaqin Sharq, Afrika, Sharqiy Yevropa va Turkiya mintaqalaridagi 17 mamlakatda 140 dan ortiq mehmonxona ob’ektlarini boshqarib kelmoqda.
Ushbu hamkorlik O‘zbekiston mehmonxona sohasiga xalqaro tajriba va investisiyalarni jalb qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yuksaltirish hamda mamlakatning jahon turizm bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
