Buyuk Britaniya bosh vaziriga tegishli mulklarga o‘t qo‘yishda ikki nafar Ukrainada tug‘ilgan erkak aybdor deb topildi
Londondagi Old Beyli sudi hay’ati Buyuk Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer bilan bog‘liq uylar va avtomashinaga o‘t qo‘yish bo‘yicha ishda ikki nafar ayblanuvchini aybdor deb topdi.
Sud qaroriga ko‘ra, 22 yoshli Ukraina fuqarosi Roman Lavrinovich va 27 yoshli rumin fuqarosi, millatan ukrain bo‘lgan Stanislav Karpyuk ushbu jinoyatni sodir etish uchun til biriktirgan.
Hodisalar 2025 yil may oyida Londonning shimoliy qismida sodir bo‘lgan. Avvaliga bosh vazir Keyr Starmerga avval tegishli bo‘lgan Toyota avtomobili yoqib yuborilgan. Oradan bir necha kun o‘tib, Starmer bilan bog‘liq yana ikki turar joyda yong‘in chiqqan. Ma’lum qilinishicha, bosh vazir ulardan birida avval yashagan bo‘lsa, ikkinchisi hozir ham uning mulki hisoblanadi va qarindoshiga ijaraga berilgan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Roman Lavrinovich rus tilida so‘zlashuvchi Telegram foydalanuvchisi tomonidan mukofot evaziga yollangan. Tergov versiyasiga ko‘ra, aynan shu shaxs unga o‘t qo‘yish harakatlarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Sud Lavrinovichni 2025 yil 11 va 12 may kunlari ikki uyga hayot uchun xavf tug‘diruvchi tarzda qasddan o‘t qo‘yish orqali mulkka zarar yetkazishda aybdor deb topdi. Shuningdek, u insonlar hayoti xavf ostida qolishi mumkinligini bilgan holda mulkni qasddan yo‘q qilishda ham aybdor deb e’tirof etildi.
Ish bo‘yicha uchinchi ayblanuvchi — 35 yoshli Pyotr Pochinok esa o‘t qo‘yish uchun til biriktirish ayblovi bo‘yicha oqlandi.
Tergov davomida uchala shaxs ham bir-biri bilan yoki boshqa kimsalar bilan jinoiy kelishuvga kirishganini rad etgan edi.
Bu voqea Buyuk Britaniyada katta rezonans uyg‘otgan bo‘lib, huquq-tartibot organlari hodisaning ehtimoliy buyurtmachilari va tashqi ta’sir omillarini ham o‘rganmoqda.
