O‘zbek futbolchilarining o‘yindan keyin qilgan ishi kanadaliklarni hayratga soldi!
2026 yilgi jahon chempionatidagi debyutiga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon miqyosida ham e’tibor va e’tirof qozona boshladi.
Bugun futbol hamjamiyati Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov, Abbosbe Fayzullayev kabi futbolchilarimizni, ularni mundialga tayyorlayotgan bosh murabbiy Fabio Kannavaroni juda yaxshi taniydi.
Milliy jamoamizning mundial hozirligi dasturi doirasida Kanadaga uyushtirgan safari ham yana bir bor futbol muxlislari mutaxassislar nazarini o‘ziga qaratdi.
Edmonton shahridagi “Commonwealth Stadium” arenasida kuchli yomg‘ir ostida o‘tkazilgan Kanada va O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Bu bahs Fabio Kannavaroga jahon chempionati oldidan terma jamoaning holatini va ish jarayonida qaysi jihatlarga e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatib berdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Kanada terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi nafaqat maydondagi voqealar bilan yodda qoldi. Balki o‘zbek futbolchilarining etikasi, mentaliteti, madaniyati va dunyoqarashini ham namoyon etdi.
Gap shundaki, final hushtagidan keyin O‘zbekiston milliy jamoasi stadionning kiyinish xonasini yig‘ishtirib, uni toza holatda tark etdi.
Tozalangan xona aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va qisqa vaqt ichida minglab tomoshalar e’tiborini tortdi. Turli mamlakatlar muxlislari ushbu voqeaga oid suratlar va postlar ostida yuzlab izohlar qoldirishdi. Izohlar o‘zbek, ozarbayjon, ingliz va boshqa tillarda yozilgan.
Foydalanuvchilardan biri bu holatni jahon chempionatlarida shunday odati bilan mashhur bo‘lgan Yaponiya milliy terma jamoasi bilan taqqosladi.
Kanada futbol federasiyasi O‘zbekiston terma jamoasiga o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashgani uchun minnatdorlik bildirib, yaqinlashib kelayotgan jahon chempionatida omad tiladi.
O‘zbekistonlik muxlislar ham javob tariqasida Kanada jamoasiga ezgu tilaklar bildirishdi va milliy jamoa pley-off bosqichida yana qaytishini ta’kidlashdi.
Endi O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati oldidan oxirgi o‘rtoqlik uchrashuvini 8 iyun kuni Niderlandiya futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi mundialning “K” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, birinchi uchrashuvini 18 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 7:00 da Kolumbiya terma jamoasiga qarshi Meksikadagi dunyoga mashhur “Asteka” stadionida o‘tkazadi.
Ko‘pchilik e’tiborida turgan O‘zbekiston va Portugaliya futbolchilarining o‘zaro bahsi 23 iyun kuni AQShning Xyuston shahrida Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.
Guruhdagi oxirgi uchrashuv futbolchilarimizning mundial vaqtidagi qarorgohi hisoblangan Atlanta shahrida 28 iyun kuni soat 01:30 da Kongo demokratik Respublikasi terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.
