Prezident Ozarbayjon va Belarus bosh vazirlarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investisiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadovni qabul qildi.
Uchrashuvda Ozarbayjonning “PASHA Holding”, “Neqsol Holding”, “AzerGold” kompaniyalari hamda Ozarbayjon Xalqaro banki rahbarlari ham ishtirok etdilar.
Suhbat avvalida Ali Asadov davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mamlakatimiz yetakchisi, o‘z navbatida, Ozarbayjon xalqini kuni kecha bo‘lib o‘tgan bayram – Milliy najot kuni munosabati bilan tabrikladi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperasiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hukumatlari bo‘lajak oliy darajadagi sammitning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlashi muhimligi ta’kidlandi.
Bunda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Hududlar forumi natijador o‘tishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Beshinchi Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi.
Joriy yil may oyida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 32 foizga ortib, barqaror o‘sib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.
