Evropa Parlamenti AQSh bilan savdo kelishuvini ma’qulladi
Evropa Parlamenti AQSh bilan bojxona tariflari bo‘yicha kelishuvni amalga oshirishga qaratilgan ikki qonun loyihasini tasdiqladi. Hujjatlar 2025 yil avgust oyida Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasida qabul qilingan qo‘shma bayonot asosida ishlab chiqilgan.
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, qariyb 440 nafar deputat tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi, 150 ga yaqini qarshi ovoz berdi, yana 50 nafar deputat betaraf qoldi.
Qabul qilingan hujjatlarga muvofiq, AQShning sanoat mahsulotlariga nisbatan tariflar bekor qilinadi, shuningdek, Amerika dengiz mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun Yevropa bozoriga imtiyozli kirish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, AQSh omarlarini Yevropa Ittifoqiga bojsiz olib kirish tartibi ham kengaytiriladi.
Qonun loyihalarida imtiyozlar 2029 yil 31 dekabrgacha amal qilishi va keyinchalik uzaytirilishi mumkinligi belgilangan. Shu bilan birga, agar AQSh Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan po‘lat va alyuminiy mahsulotlariga nisbatan 15 foizdan yuqori bojlarni bekor qilmasa, mazkur imtiyozlarni to‘xtatib turish mexanizmi ham nazarda tutilgan.
Evropa Parlamentining xalqaro savdo qo‘mitasi rahbari Bernd Langening ta’kidlashicha, kelishuv shartlarining qonun darajasida mustahkamlanishi Bryusselga Vashington o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda tegishli javob choralarini ko‘rish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi mazkur savdo bitimi 2025 yil iyul oyida imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra AQSh bozoriga yetkazib beriladigan Yevropa mahsulotlariga 15 foizlik tarif qo‘llaniladi.
