Isroil bilan bog‘liq tuzilma Falastinga yordam yig‘ish niqobi ostida faoliyat yuritganlikda gumon qilinmoqda
Fransiya hokimiyati avval siyosiy dezinformasiya kampaniyasida tilga olingan tuzilmani falastinliklar uchun xayriya yig‘gan sayt bilan bog‘lamoqda.
Fransiyaning Liberation va Isroilning Haaretz nashrlari o‘tkazgan qo‘shma surishtiruvga ko‘ra, jurnalistlar ehtimolan BlackCore tuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lgan raqamli infratuzilmani o‘rgangan. Fransiya rasmiylari ushbu tuzilmani avval ham munisipal saylovlar davrida Bo‘ysunmas Fransiya partiyasi nomzodlariga qarshi olib borilgan onlayn operasiyalar bilan bog‘lagan edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda faol bo‘lmagan Sadaqah Palestine («Falastinga yordam») sayti o‘zini urush, qashshoqlik va majburiy ko‘chishdan jabr ko‘rgan falastinliklarga gumanitar yordam ko‘rsatuvchi nodavlat va siyosatdan xoli tashkilot sifatida taqdim etgan.
Arxiv ma’lumotlariga muvofiq, saytda pul xayriyalarini qabul qilish uchun maxsus shakl joylashtirilgan bo‘lgan.
Liberation va Haaretz ta’kidlashicha, mazkur resurs X, Instagram va Facebook orqali targ‘ib qilingan. Nashrlar fikricha, ushbu akkauntlar faoliyati noautentik xatti-harakatlar belgilarini namoyon etgan, jumladan soxta obunachilardan foydalanish va kontentni muvofiqlashtirilgan tarzda tarqatish ehtimoli mavjud bo‘lgan.
Surishtiruv davomida saytning texnik infratuzilmasi avval BlackCore bilan bog‘langan loyihalarda qo‘llanilgan serverlar va domenlar bilan aloqador ekani ham aniqlangan.
Shu bilan birga, jurnalistlar Sadaqah Palestine tashkiloti Buyuk Britaniyada rasman xayriya yoki nodavlat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlovchi dalillarni topa olmagan. Vaholanki, loyiha bilan bog‘liq ayrim akkauntlar aynan shu mamlakatda joylashgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Tergov mualliflarining qayd etishicha, operasiyaning asosiy maqsadi xayriya mablag‘larini o‘zlashtirish, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini yig‘ish yoki har ikki vazifani bir vaqtda amalga oshirish bo‘lganmi — bu hozircha aniq emas.
Avvalroq Fransiya hokimiyati BlackCore tuzilmasiga nisbatan Bo‘ysunmas Fransiya partiyasi nomzodlariga qarshi ehtimoliy onlayn kampaniyada ishtirok etgani yuzasidan surishtiruv boshlagan edi.
Operasiya tashkilotchilarining shaxsi esa hanuzgacha aniqlanmagan.
