Toshkent shahar sudi sudyalari “Saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik” mavzuida davra suhbati o‘tkazdi
Toshkent shahar sudi sudyalari “Saylov konunchiligini buzganlik uchun javobgarlik” mavzuida davra suhbati o‘tkazdi.
Toshkent davlat yuridik universitetida o‘tkazilgan uchrashuvda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari Xamidjon Shamshiyev, Elbekjon Turgunboyev, Tal’at Tursunov, Muzaffar Axmedov, Odiljon Ilxomjonov, Orif Qlichev, Anjelika Shamsutdinova, Durdona Dadaxanova, Sanjar Maxametov ishtirok etishdi. “Saylov konunchiligini buzganlik uchun javobgarlik” mavzuida o‘tgan davra suhbatida “Jinoiy odil sudlov fakulteti” 2-kurs B-potok talabalari, shuningdek Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi katta o‘qituvchisi Q.Rozimova, o‘qituvchilar N.Xojiyev va B.Eshkuvatov ham qatnashdi.
Davra suhbatida saylov qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik, uning tarkibi va jazo tayinlash masalalari haqida to‘xtalib o‘tildi. Bundan tashqari, davra suhbatida ma’ruzachi sudyalar saylov jarayonlari, saylov huquqi, saylovda ishtirok etadigan fuqarolarning huquqlari va majburiyatlari Saylov kodeksiga binoan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxslarga ham saylovlarda ovoz berish tartibi, jazoni ijro etish muassalarida saylov uchastkalarini tuzishga oid masalalarga to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, “Prezident saylovi ilk marta yangi Saylov kodeksiga muvofiq o‘tkazilishini muhim siyosiy yangilik deb baholashimiz mumkin. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga tayangan holda o‘tkazilishi uchun 2021 yil 31 may kuni “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Qonun bilan Saylov kodeksining bir qator moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ya’ni, manfaatdor shaxs saylov komissiyalarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilishi mumkinligi belgilandi. Avvalgi qonunchilik bo‘yicha sudga yoki yuqori turuvchi saylov komissiyasiga murojaat qilishi mumkin bo‘lgandi.
Shikoyat berishi mumkin bo‘lgan manfaatdor shaxs nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar bo‘lishi ham mumkin.
Saylov qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar belgilangan.
Saylovga oid huquqbuzarliklar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga alohida bob ajratilgan. Saylov va referendumni tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun 9 ta holatda ma’muriy javobgarlik choralari belgilandi.
Jinoyat kodeksida ham saylov qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi alohida normalar mavjud. Bu normalar, Jinoyat kodeksining 146-moddasida saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun, 147-moddasida esa saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Saylov kodeksining 96-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinishi, bu qaror ustidan saylov yakunlari e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun ichida Oliy sudiga shikoyat qilish mumkinligi qat’iy belgilandi”, - deya Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Xamidjon Shamshiyev batafsil ma’lumotlar berdi.
Shuningdek, uchrashuv yakunida talabalar ma’ruzachi sudyalardan o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan atroflicha javob olishdi.