Bolalar bog‘chalarida davomat avtomatlashtiriladi
Maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosariga ta’lim sifatini ta’minlash, pedagog xodimlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayoniga innovasiyalar, ilg‘or pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish vazifalari yuklatiladi.
Davlat MTTda xodimlar ish haqini, oziq-ovqat xarajatlari, ota-onalarga aliment bo‘yicha to‘lovlar va boshqa to‘lovlarni biometrik identifikasiya texnologiyasidan foydalangan holda avtomatik hisoblash joriy etiladi.
Bo‘sh ish o‘rinlarini hisobga olish, bolalarni navbatga qo‘yish va MTTga joylashtirish uchun yo‘llanmalarni shakllantirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining "Bolalar bog‘chasi" maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida amalga oshiriladi.
2025 yil 1 fevraldan Toshkent shahrida pilot sinovi tariqasida, 2025 yil 1 iyuldan esa barcha davlat MTTda "Bolalar bog‘chasi" axborot tizimi orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomati, ish vaqti, tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini hisobga olish joriy etiladi.
"Bolalar bog‘chasi" axborot tizimiga xizmat ko‘rsatish, uni qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishni UZINFOCOM MCHJ tizim operatori amalga oshiradi, bunda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ota-onalar badalining 2 foizi yo‘naltiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yildan boshlab xodimlar va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikasiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yo‘lga qo‘yish uchun bolalar bog‘chalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan ta’minlash uchun davlat byudjetidan kamida 50 mlrd so‘m ajratadi.
2025 yil 1 iyuldan fiskal belgili kassa cheki berilmasdan ota-onalar to‘lovlarini qabul qilish taqiqlanadi. Ota-onalar to‘lovlarining tushumi to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlarining axborot tizimiga avtomatik tarzda uzatiladi va qonun hujjatlariga muvofiq daromad solig‘idan ozod qilishni qo‘llash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.