Braziliyada Aqtau yaqinida qulagan AZAL samolyotining qora qutilarini o‘rganish boshlandi
Braziliya 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchragan AZAL samolyoti kabinasidan ovoz yozish moslamasini allaqachon o‘rganishni boshlagan.
Bu haqda Braziliyaning G1 portali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qora qutilar chorshanba kuni (Boku vaqti bilan payshanba) Braziliyaga yetib kelgan.
Nashrning tergov bilan tanish bo‘lgan suhbatdoshlariga ko‘ra, ovoz yozish moslamalarini o‘rganish 2 yanvar kuni (Boku vaqti bilan 3 yanvar) boshlangan. Qora qutilardan olingan ma’lumotlar Braziliya harbiy-havo kuchlari (Força Aérea Brasileira - FAB) mutaxassislari ishtirokida tahlil qilinadi.
Olingan ma’lumotlar Qozog‘istonning Aviasiya hodisalarini tekshirish departamentiga – voqeani tahlil qilish va tergov qilish uchun mas’ul agentlikka topshiriladi, deya aniqlik kiritdi FAB.
Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida Boku-Grozniy reysini amalga oshirgan AZAL yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragan edi. Samolyot bortidagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan, 29 nafari tirik qolgan.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning farmoni bilan halok bo‘lgan ekipaj a’zolari – Igor Ivanovich Kshnyakin, Aleksandr Georgiyevich Kalyaninov, Xokuma Jalil qizi Aliyevaga vafotidan keyin Ozarbayjon Milliy qahramoni unvoni berildi. Halokatdan omon qolgan ekipaj a’zolari Zulfigar Sardar o‘g‘li Asadov va Aydan Vagif qizi Ragimli 1-darajali “Rashadat” ordeni bilan taqdirlandi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot jismoniy va texnik tashqi aralashuv oqibatida qulab tushgan, deb xabar beradi report.az.