Farg‘onada ikki yashar qizchaning og‘ir ahvolga tushishiga sababchi bo‘lgan enaga ushlandi
Ijtimoiy tarmoq monitoringi doirasida kichik yoshdagi qizning enagasi tufayli og‘ir jarohat olganligi haqidagi xabar tarqaldi.
Mazkur holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi.
Aniqlanishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro G‘.M (1988 yilda tug‘ilgan ayol) Rossiya Federasiyasiga ishlash uchun ketishi sababli voyaga yetmagan qizi G‘.I.(2022 yilda tug‘ilgan)ni rasmiy ravishda ishonchnoma asosida M.X. (1988 yilda tug‘ilgan ayol) ning qaramog‘iga topshirib, 2024 yil avgust oyida jo‘nab ketgan.
Shuningdek, ona enaga M.X ga xizmat xaqqi va bolaning kunlik sarf-xarajatlari uchun pul jo‘natib turgan.
2024 yil 15 noyabr kuni voyaga yetmagan G‘.I yashash xonadonidagi zinadan tushayotgan vaqtda yiqilib, og‘ir tan jarohati olganligiga qaramay, enaga ayol bolaning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yib uni shifoxonaga olib bormagan.
Oqibatda bolaga bosh miya lat yeyishi va boshqa xayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikastlar tashxisi qo‘yilgan.
2024 yil 1 dekabr kuni fuqaro M.X ga nisbatan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 117-moddasi 1-qismi (Xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB tomonidan fuqaro M.X ga nisbatan JKning 117-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Joriy yilning 5 yanvar kuni M.X. JKning 117-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 2-qismi "b,v" bandlar bilan gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, ayol O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.
Mazkur jinoyat ishiga oid dastlabki tergov doirasida bolaning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi sodir etilgan har qanday harakatlarga to‘liq baho berilishi ta’minlanadi.
Bolalar ombudsmani ushbu holatda bola manfaatlari nuqtai nazaridan o‘z kuzatuvini davom ettirmoqda.