Qarshi shahri hokimi sud qilindi
Sud qaroriga ko‘ra, Normo‘min Xolboyev tadbirkorga tegishli savdo do‘konning faoliyatini asossiz to‘xtatgani uchun javobgarlikka tortildi.
Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev tadbirkorga tegishli savdo do‘koni faoliyatini asossiz to‘xtatgani uchun sud qaroriga ko‘ra javobgarlikka tortildi.
Hokim “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzib, tadbirkorga tegishli savdo do‘koni faoliyatini to‘xtatish haqida noqonuniy topshiriq bergani uchun prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining viloyat sho‘basi bosh inspektori Sheroz Shodiyev qarori bilan bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida ya’ni 15 million so‘m jarimaga tortilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2024 yil 4 noyabrdagi qaroriga asosan biznes ombudsmanning ushbu qarori o‘zgartirilib, jarima miqdori Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 33-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari — 1 million 875 ming so‘mga o‘zgartirilgan.
Mazkur ish 2024 yil 27 dekabr kuni Qashqadaryo viloyat sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassasiya instansiyasida ham ko‘rib chiqildi. Sudya Maxfirat Ochilova raisligidagi sudlov hay’ati huquqbuzar Normo‘min Xolboyevning shikoyatini rad etib, uning “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida keltirilgan Xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emasligi haqidagi da’vosini rad qildi, deydi manba.
Manbaning tushuntirishicha, kassasiya instansiyasi sudida guvoh — hokimni javobgar qilgan biznes ombudsman vakili Sheroz Shodiyev holatni to‘liq o‘rganib chiqqanini, tadbirkor X.Haydarovga tegishli savdo do‘koni binosi Qarshi shahri hududida emas, Qarshi tumani hududida joylashganligini, qolaversa, hokim tadbirkorga tegishli savdo do‘koni faoliyatini to‘xtatishga topshiriq berib noqonuniy harakat qilganini, ushbu holatlarni tasdiqlovchi videotasvirlar ham mavjudligini gapirib bergan.
Biznes ombudsman hokim vakilining mansabdor jarimaga tortilganidan bexabar qolgan, o‘zi chaqirilganmagan holda javobgar qilingan degan gapiga javoban Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzilishi hamda ish ko‘rib chiqilishi haqida hokimga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 294-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari tushuntirilgan holda edo.ijro.uz sayti hamda Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali xabar berilganini, biroq Normo‘min Xolboyev yetib kelmaganligini, shu sabab unga nisbatan ma’muriy bayonnoma uning ishtirokisiz tuzilganligini, hokimning shikoyatidagi vajlar bilan kelishib bo‘lmasligini aytdi, deydi axborot manbasi.
Kassasiya instansiyasi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2024 yil 4 noyabrdagi hokimga nisbatan chiqarilgan qarorini o‘zgarishsiz qoldirib, shikoyatni rad etdi.