Afg‘oniston va Pokiston chegara kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar yuz berdi
TOLO News telekanali xabariga ko‘ra, taxminan soat 1.30da Pokiston kuchlari Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradosh Xost viloyatidagi Alisher tumaniga raketa hujumi uyushtirgan. Afg‘onistonning javob harakatlaridan so‘ng harbiy mojaro avj oldi va mahalliy vaqt bilan soat 5.00gacha davom etdi.
To‘qnashuv natijasida ko‘plab oilalar uylarini tark etishga majbur bo‘ldi, halok bo‘lganlar va yaradorlar haqida ma’lumot yo‘q.
24-dekabr kuni Pokiston harbiy samolyotlari “Pokiston Tolibon lagerlarini nishonga olgani”ni aytib, Afg‘onistonning Paktika viloyatining ayrim chegaradosh hududlariga havo hujumlarini amalga oshirdi.
O‘z navbatida, Afg‘oniston hukumati o‘z bayonotida ushbu hujumlar natijasida kamida 46 tinch aholi jarohatlanganini, ularning aksariyati bolalar va ayollar ekanligini ta’kidladi.
Ushbu hujumlarga javoban afg‘on kuchlari 28 dekabr kuni Pokiston hududiga hujum qilib, 19 nafar pokistonlik askarni o‘ldirganini da’vo qildi.
Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan Xayber-Paxtunxva va Baluchiston viloyatlarida so‘nggi yillarda teraktlar sezilarli darajada oshgan.
Pushtun va baluj etnik guruhlari huquqlarini himoya qilishni da’vo qilgan qurolli guruhlar har ikki viloyatda Pokiston xavfsizlik kuchlari va tinch aholiga hujum qildi.
Islomobodning iddao qilishicha, asosan Xayber-Paxtunxva viloyatida hujumlar uyushtiruvchi Pokiston Toliboni (TTP) a’zolari Afg‘onistonda joylashgan va o‘z hujumlarini u yerdan tashkil qiladi. Biroq afg‘on rasmiylari bu ayblovlarni rad etadi.
Pokiston armiyasi avvalroq Afg‘onistonning Xost, Paktiya va Kunar viloyatlaridagi TTP bazalariga hujum qilgan va bu ikki davlat rasmiylari o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishiga olib kelgan.