Rossiya-Ukraina urushida Rossiya nomidan qatnashgan 2 nafar o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qildi
Ma’lum qilinishicha, sudlanuvchi T.A. 2023 yil aprel oyida Moskva shahriga mavsumiy ishlash uchun borgan. U O‘zbekiston fuqarosi bo‘la turib, Rossiya Federasiyasi Qurolli kuchlari tomonidan Ukrainaning Shaxta va Baxmut shaharlarida olib borgan harbiy harakatlarida 2023-yil dekabr oyiga qadar ishtirok etib, 2023 yil 31 dekabr kuni Rossiya Federasiyasidan O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Holat yuzasidan sud ishi JIB Andijon shahar sudida ko‘rib chiqildi.
Sud majlisida sudlanuvchi T.A. Rossiya Federasiyasi Qurolli kuchlari tomonidan jangovar harakatlarda ishtirok etishligi uchun har oy 450.000 rubl miqdorida pul to‘lanishi belgilanganini, unga dastlab ikki marotaba 150.000 rubl pul mablag‘i berilganini, lekin keyinchalik hech qanday pul to‘lovlari amalga oshirilmaganini, 2023 yil noyabr oyiga qadar jangovar harakatlarda ishtirok etib, Ukrainaning 10 dan ortiq harbiy xizmatchilarini o‘ldirganini ma’lum qilib, pushaymonligini bildirgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi T.A. ga nisbatan JKning 59,61-moddalari tartibida, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 4 yil 2 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Shuningdek, yana bir o‘zbekistonlik fuqaro A.H. Moskvadagi xususiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun borib, moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya Federasiyasi Qurolli kuchlari safida turib, Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
Mazkur holat yuzasidan sud ishi JIB Qo‘shtepa tuman sudida ko‘rib chiqildi.
Sud majlisida sudlanuvchi 4 oy davomida harbiy harakatlarda ishtirok etib, joiry yilning 10 fevral kuni Donesk viloyatiga borganini, harbiy harakatlarda olgan tan jarohatlari sababli 26 fevral kuniga qadar, Donesk shahridagi gospitalda davolanganini ma’lum qilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi A.H.ga nisbatan JKning 154-moddasi 1-qismi bilan 5 (besh) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, JKning 72-moddasiga asosan, tayinlangan jazo shartli deb 3 (uch) yil sinov muddati belgilandi.