Buxoroda 34 milliardlik kriptoaktivlarni aylantirgan 17 yoshli yigitga ochilgan jinoyat ishi tugatildi
Buxoro viloyati IIB xodimlari 2024 yil dekabr oyida lisenziya olmasdan, 2,6 million dollarlik kriptoaktivlarni «aylantirgan» 17 yoshli o‘smirni qo‘lga olgandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi uchinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.
Ekologiya vazirligi maslahatchisi Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, Murodjon Zuvurovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi 30 dekabr kuni tergovchining qaroriga ko‘ra, harakatdan tugatildi. Murodjonning qilgan ishi ijtimoiy xavfli emasligi, aybidan pushaymonligi, oilaviy ahvoli va hokazolar inobatga olingan.
«Dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishini, uning roziligiga asosan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 84-moddasi 5-qismi 2-bandiga asosan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida ariza qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam berganligi sababli uning aybliligi haqidagi masalani hal qilmasdan turib, harakatdan tugatilsin», — deyiladi tergovchining qarorida.
Tergov hujjatlariga ko‘ra, Murodjon Zuvurov «Binance» kripto-birjasida 2024 yil 13 maydan 12 noyabrga qadar jami 1 ming 865 marotaba amaliyot natijasida 17 milliard 339 million so‘mlik USDT sotib olgan, shuningdek 3 ming 364 marotaba amaliyot natijasida jami 17 milliard 341 million so‘mlik USDT’ni sotgan. Jami taqiqlangan kripto-aktivlar aylanmasi 34 milliard 680 million so‘mdan oshadi.
Jinoyat ishi harakatdan tugatilishi bilan birga, voyaga yetmagan M.Zuvurovga 2024 yil 14 dekabr kuni e’lon qilingan ayblov olib tashlangan hamda unga nisbatan qo‘llangan shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi bekor qilingan.
M.Zuvurovning ish doirasida olib qo‘yilgan iPhone 15 Pro Max telefoni o‘ziga qaytarib berilgan, qolgan ashyoviy dalillar jinoyat ishi hujjatlari bilan saqlanishi uchun olib qo‘yilgan.