O‘zbekistonda COVID-19dan ham xavfli virus deya ta’riflangan infeksiya tarqalmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda metapnevmovirus infeksiyasi va ushbu infeksiyaning COVID-19dan ham xavfli ekanligi yuzasidan xabarlar tarqalmoqda.
Sanepidqo‘mita ushbu kasallik to‘g‘risida quyidagilarni ma’lum qildi:
⚠️Metapnevmovirus birinchi marta 2001 yilda aniqlangan bo‘lib, asosan havo-tomchi yo‘li bilan, kamdan-kam holatlarda esa ifloslangan yuzalar bilan aloqa qilish orqali yuqadi. Virusni asosan kuz-qish mavsumida faol aylanishi kuzatiladi.
🚨Metapnevmovirus infeksiyasi, odatda burun oqishi, yo‘tal va isitma kabi belgilari bilan o‘tkir respiratorli infeksiyalar shaklida namoyon bo‘ladi, ba’zi hollarda bronxiolit va pnevmoniyani keltirib chiqaradi.
✔️Metapnevmovirus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratlarsiz tuzalib ketadi.
📌Ushbu virus bilan kasallanish holatlari har yili dunyoning barcha mamlakatlarida qayd etiladi.
📊Butun dunyoda bo‘lgani kabi, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarda, ayni paytda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va gripp bilan kasallanishning mavsumiy o‘sishi kuzatilayotgani, shu bilan birga metapnevmovirusning ham qayd etilgani e’lon qilingan.
💡Ayni vaqtda respublikamizda ham o‘tkir respirator infeksiyalarga chalinish holatlarining mavsumiy ko‘tarilishi kuzatilmoqda.
😷Ushbu respirator infeksiyalarning so‘ngi laborator tahlillari natijasiga ko‘ra: 36,9%da gripp virusi, 30,2%da rinovirus, 28,6%da respirator-sinsitial virus, 1,2%da metapnevmovirus va 3,1%da boshqa viruslar aniqlangan.
Shu o‘rinda fuqarolarimiz ushbu infeksiyalarni yuqtirib olmasliklari uchun:
✔️profilaktika va gigiyena qoidalariga rioya qilish;
✔️odamlar gavjum joylarga, ayniqsa yosh bolalarni olib yurishni cheklash;
✔️kasallik belgilari paydo bo‘lgan oila a’zolarini alohida saqlab, shifokor ko‘rsatmasiga asosan davolanishni tavsiya qilamiz.