Telegram ba’zi mamlakatlarning huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qila boshladi

Telegram ba’zi mamlakatlarning huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qila boshladi

Telegram messenjer asoschisi Pavel Durov Parijda hibsga olinganidan so‘ng, nafaqat Fransiya, balki boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilib, ularning huquq-tartibot idoralari so‘roviga ko‘ra ma’lumotlarni taqdim qila boshladi, deb yozdi Le Figaro.

Qayd qilinishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biri allaqachon yuzga yaqin buyurtma qotillik muhokama qilingan Telegram guruhi so‘rovi bo‘yicha javob olishga muvaffaq bo‘lgan. Janubiy Koreyadan kelgan so‘rov ham javobni kutmoqda.

Fransiyada Telegram voyaga yetmaganlar bo‘yicha milliy polisiya departamenti (OFMIN) so‘rovlariga, shuningdek, jandarmeriya so‘rovlariga javob bergan va ayrim gumondorlarning shaxsini aniqlash imkonini beruvchi ma’lumotlarni taqdim etgan. Gap bolalarga qarshi jinoyatlar haqida bormoqda.

Bahorda OFMIN messenjerda voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlarning «tez va nazorat qilib bo‘lmaydigan» darajada tarqalayotgani haqida xabar bergan edi. Ba’zi tergovchilar va sudyalarning fikricha, Telegram qurol, giyohvand moddalar, odam savdosi va buyurtma qotilliklari ham sodir bo‘ladigan «jinoyatchilik supermarketi»ga aylangan.

Telegram rahbariyatining odil sudlov bilan munosabatlarini normallashtirishga tayyorligi ko‘plab milliy va xalqaro tergovlarni oldinga siljitish imkonini berishi kerak, deb qayd etadi Le Figaro. Gazetaning yozishicha, yaqin oylarda bu ishga Pavel Durovdan tashqari boshqa odamlar ham jalb qilinishi mumkin.

Politico nashrining xabar berishicha, Durovga nisbatan tergov Telegram rahbariyati Fransiya rasmiylarining bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati bo‘yicha so‘roviga javob bermaganidan keyin boshlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!