Rossiyadagi eng ko‘p mehnat migrantlari o‘zbekistonliklar ekani ma’lum bo‘ldi

Rossiyadagi eng ko‘p mehnat migrantlari o‘zbekistonliklar ekani ma’lum bo‘ldi

Rossiya federasiyasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari general-polkovnik Aleksandr Gorovoy Kommersant nashriga bergan intervyusida mamlakatdagi migrantlar soniga to‘xtalib o‘tdi.

Vazirlikka ko‘ra, Rossiyada 6,1 milliondan ortiq chet elliklar bo‘lib, ularning asosiy qismi Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan kelgan. Nashr Ichki ishlar vazirligiga tayanib, 2024 yil yanvar-avgust oylarida Rossiyada bo‘lib turgan, ushbu davlatga kelgan va qaytib ketgan mehnat muhojirlariga doir raqamlarni ochiqladi. Statistika — barcha ustunlarda eng ko‘p O‘zbekiston fuqarolari ekanini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning 8 oyida Rossiyaga 1 million 880 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi borgan. Mamlakatdan chiqib ketganlar soni esa 1,5 million kishidan oshadi. Shu bilan birga 1 million 792 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ayni vaqtda Rossiyada ishlamoqda.

Keyingi o‘rinda 1,2 milliondan ortiq tojikistonlik mehnat muhojirlari Rossiyada bo‘lib turganini ko‘rish mumkin.

Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi bordi-keldi munosabatlari milliondan oshgan bo‘lsa-da, ayni vaqtda Rossiya bo‘lib turgan qozog‘istonliklar soni nisbatan kamroq – 609 ming kishi. Markaziy Osiyoning yana bir davlati Qirg‘izistonning esa 262 mingdan ortiq fuqarosi Rossiyada bo‘lib turibdi.

Rossiyada bo‘lib turgan qariyb yarim million xitoyliklar ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinda. Bundan tashqari, Armaniston, Ozarboyjon, Belarus, Turkiya va Turkmanistonning ham yuz minglab fuqarolari Rossiya hududida bo‘lib turibdi.

Rossiya ichidagi migrasion siyosatni nazorat qiluvchi amaldorga ko‘ra, mamlakatda 739 mingga yaqin noqonuniy migrantlar ham bor. Ularning asosiy qismi ham O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarboyjon fuqarolari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!