Sudlar mustaqilligini ta’minlash yo‘lida

Sudlar mustaqilligini ta’minlash yo‘lida

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari biridir.

O‘tgan  uch yil mobaynida sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, har bir ish bo‘yicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarori chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan Prezident Farmonlari qabul qilindi va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Biz bilamizki, sud tizimida avval sud hokimiyatining ikkita oliy organi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudlari mavjud edi, Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyevning tashabbusi bilan Oliy xo‘jalik sudi tugatilib, sud hokimiyatining yagona oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzildi, sudyalik lavozimiga muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy etildi.

2017-2019 yillarda sud ishlarini sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqish amaliyotining kengaytirilganligi aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va sud hokimiyatining ochiqligini oshirish yo‘lida ko‘rilgan muhim chora bo‘ldi desak adashmaymiz.

Masalan, tuman miqyosida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudi tomonidan 2019 yilning 11 oyida 34 ta jinoyat ishlari yoki sudda ko‘rilgan ishlarning 40 foizidan ortig‘i sayyor sudlarda, asosan mahalla fuqarolar yig‘inlarida, fuqarolar ishtirokida ochiq va oshkora ko‘rib chiqildi. Sayyor sud majlisilarining o‘tkazilishi, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga, qolaversa qonunlarga itoat qilish tuyg‘usini oshirishga, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga xizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5482-sonli Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e’lon qilish va qabul qilingan sud hujjati o‘qib eshittirilganidan so‘ng uning mazmun-mohiyatini sud prosessi ishtirokchilariga tushuntirilishini sud amaliyotiga joriy etilgani ham odil sudlovni amalga oshirish yo‘lidagi muhim hujjat bo‘ldi. Bu tartibni joriy etilishi bilan hozirda sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi veb-saytida sud qarorlarini e’lon qilinib borilayotganini va qabul qilingan sud hujjatining mazmun-mohiyatini sud prosessi ishtirokchilariga tushuntirilishini amalda ko‘rmoqdamiz.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida, “Konstitusiyaga asosan sudlar o‘z faoliyatida mustaqil, lekin ularning chinakam nazoratchisi xalq bo‘lishi kerak”ligi, Sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim”ligi haqida aytib o‘tildi.

Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan odil sudlovni amalga oshirish borasida yana bir muhim hujjat qabul qilinar ekan, xalqning sudlarga nisbatan ishonchi yanada ortishiga, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilinishiga turtki bo‘ladi.

                                                                                             

Avazjon Ibodov

                                                                  Jinoyat ishlari bo‘yicha

                                                                  Navbahor tuman sudining raisi

 

Bahodir Farmonov                                 Devonxona mudiri

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!