Stressga tushganning iymoni shubhali...mi?

Stressga tushganning iymoni shubhali...mi?

Oz ammo xos gapiradiganlar bor. Otam ham ulardan bittasi. Alohida yashaganimiz uchun bu xos suhbatlar men uchun yanada qisqa bo‘ladi. Bir oz avval bir g‘alati gap aytib qoldilar, uni tinglab jim qoldim. Ancha paytda bu gap xayolimdan nari ketmadi. Stressga tushganning iymonidan shubha qilaman dedilar.

Stressga doir kitoblar o‘qigan, vaqti-vaqti bilan o‘quvchilarimga Stress haqida seminar-darslar tashkil qilganim uchun bu ifodani qabul qilib, mulohaza qilishim qiyin bo‘ldi. Ko‘p vaqt miyamda aylanib yurdi. Asrimizning eng muhim muammolaridan biri bo‘lgan ruhiy ziqlik haqida bunchalik aniq va keskin iborani eshitmagandim.

Bir kuni bir do‘stim bilan hayotdagi muammolar va mashaqqatlar haqida gap boshlangandi, men ruhiy ziqlik va depressiya haqida bilganlarimni gapirishga tushdim. Do‘stim ham o‘zi guvoh bo‘lgan holatlarni misol qilib, fikrlarimni tasdiqlardi. Gap orasida otamning Stressga tushganning iymonidan shubha qilaman deganlarini aytgandim, Do‘stim: Juda to‘g‘ri gap! Hatto kishi ruhiy ziqlik tufayli xastalanib qolsa, Alloh bandasini buning uchun ham so‘raydi! dedi...

Ruhiy ziqlik muomalada muammolar uchun haddan ortiq qayg‘urish, asabiylashish ma’nosini bildiradi. Muammolarni o‘ylab tashvishlanish tushkunlikka olib keladi, tushkunlik esa odamni adoyi tamom qiladi.

Birov bemorlikdan aziyat chekayotganidan tashvishlanadi. Tushkunlikka tushib dard ustiga dard orttiradi.

Birov oilasi bilan ziddiyatlarga uchrayotganidan eziladi.

Birov bolalarining tarbiyasida oqsayotganidan tashvishlanadi.

Birov moddiy muammolardan bo‘g‘iladi.

Birov atrofidagilar o‘zini tushunmayotganidan siqiladi.

Birov yaqinlaridan birini tuproqqa qo‘ysa, hayotdan xafa bo‘ladi.

Hayotda muammo qiladigan, tashvishlanadigan juda ko‘p narsa bor. Hammaning muammosi, dardi o‘ziga yetgulik.

Stress bilan iymon bir-biriga qanday bog‘liq, deysizmi?

Hayot tashvishlari haqida gap ketganda xayolimga Payg‘ambarlar keladi. Alloh Payg‘ambarlar qissasini bizga qayta-qayta nega eslatadi, bilasizmi? O‘qib, ibrat olishimiz uchun! Payg‘ambarlarning hayotidan ayrim misollarni keltirib sizga savol bermoqchiman.

Ayyub alayhissalomni bemorlik bilan sinagan Alloh bizni ham xuddi shunday imtihon qilishga haqli emasmi? Bemorligini o‘ylab tashvishlanayotgan odam Allohim, nega meni dard bilan imtihon qilyapsan?! deya malomat qilayotgan bo‘lmaydimi?

Nuh alayhissalomni o‘g‘li bilan imtihon qilgan Alloh sizni farzandlaringiz bilan sinamasinmi?

Ibrohim alayhissalomni otasi bilan sinagan Alloh, sizni otangiz bilan sinamasinmi?

Lut alayhissalomni ayoli bilan sinagan Allohga Meni nega juftim bilan imtihon qilasan? deyish uchun ma’naviy huquqim bor, deb o‘ylaysizmi?

Yusuf alayhissalomni tug‘ishganlari bilan imtihon qilgan Alloh, balki sizni ham qondoshlaringiz bilan sinayotgandir?

Barcha payg‘ambarlarning hayoti muammo va tashvish (imtihon)lardan iborat bo‘lganini hisobga olsak, bizning hayotimizda ham muammo va sinovlar bo‘lishi oddiy hol emasmi?

Otasi yoki onasidan ayrilganida tushkunlikka tushganlar Allohga Mening onamni yoki otamni nega olasan?! deb iddao qilishga ma’naviy haqlari bormi?

Farzand dog‘i katta dard deydilar. Bu darddan aziyat ko‘rgan ota-onalar Alloh farzand dog‘ini hech kimga ko‘rsatmasin! deydilar.

Olamlarga rahmat qilib yuborilgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamni farzand dog‘idan himoya qilmagan Alloh bizni bu darddan himoya qilishini kutishga haqimiz yo‘qligini mulohaza qilganmizmi? Besh marta farzand dog‘i bilan sinalgan Payg‘ambarning ummati ekanimizni bilishimiz kerak.

Birodar, ular Payg‘ambar, biz oddiy odamlarmiz! deya e’tirozga shoshilmang. Payg‘ambarlar ham bizday o‘ksigan, yig‘lagan, Allohga sig‘ingan insonlar bo‘lgan. Alloh taolo tomonidan xos sifatlar bilan siylangani va tanlangani ul zotlarning insonga xos iztiroblarga ta’sirsiz bo‘lgan, degan ma’noni bildirmaydi. Bizning vazifamiz hayotni to‘g‘ri tushunib qabul qilishdir. Payg‘ambarlarni dardu iztiroblar, g‘am-qayg‘udan yiroq tutmagan Alloh, bizni ham tashvishlardan xoli yashatmasligini unutmasligimiz kerak.

Stress va iymon orasidagi bog‘liqlikni o‘ylab yurgan kezlarimda qayerdandir bir jumlani o‘qidim. Savollarimga javob topganday bo‘ldim. Ko‘nglim yorishdi. Bu so‘zlar men izlagan oltin kalit edi. Ularni sizga ham tavsiya qilaman. Qachonki, bir dunyoviy dard sizni iztirobga solsa Robbingizga yuzlanib Mening buyuk dardim bor! demang, aksincha, dardingizga qarab: Mening buyuk Robbim bor! deng...

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!